1. Standart sozlash

Gitarani turli xil qilib sozlash mumkin. Eng keng tarqalgan sozlash standart sozlash deb ataladi. Bu sozlashda simlar eng ingichka simdan eng yo‘g‘on simga qarab quyidagicha sozlanadi:

E – B – G – D – A – E (mi – si – sol – re – lya – mi)

Bu sahifada asosan standart sozlash haqida so‘z yuritiladi. Gitara sozlashda odatda avval torlarni bo‘shatib olib, keyin „pastdan yuqoriga“ sozlash kerak, chunki torni avval qattiq tarang qilib, keyin bo‘shatsangiz, asbobni chalayotganingizda torlar quloqlarni buramasangiz ham ozgina bo‘shashi mumkin. Bu esa gitara sozini buzadi.

2. Kamerton yordamida sozlash

Kamerton cholg‘u asboblarini sozlashda ishlatiladigan kichik asbob bo‘lib, tovush balandligi etaloni o‘laroq xizmat qiladi. Kamertonlarning ikki xili bo‘ladi: xromatik, ya’ni oktavaning barcha 12 yarim tonini o‘zida jamlagan hamda A (lya), ya’ni faqatgina birinchi oktavaning A (lya) notasini chiqaruvchi kamerton.

A (lya) kamertoni yordamida sozlash uchun 1-, ya’ni eng ingichka torni 5-pardada bosamiz va uning tovushi kamerton tovushi bilan bir xil bo‘lguniga qadar torning qulog‘ini tegishli yo‘nalishda buraymiz. Boshida ikki tovushning unison, ya’ni bir xil balandlikda ekanligini anglash qiyin bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan buni o‘rganib olasiz.

Endi navbatdagi torlarni sozlaymiz. 2-torni 5-pardada bosganda uning balandligi ochiq chalingan 1-torning balandligi bilan bir xil bo‘lishi kerak. 3-tor esa 4-pardada bosilganda ochiq chalingan 2-tor bilan bir xil balandlikka ega bo‘lishi kerak. 4-, 5-, 6-torlar esa 5-pardada bosilganda o‘zidan bitta pastdagi torni ochiq chalganda chiqadigan tovushga mos balandlikda bo‘lishi kerak.

3. Boshqa cholg‘u asbobi yordamida sozlash

Gitarani boshqa cholg‘u asboblar, masalan, fortepiano yoki akkordeon yordamida ham sozlash mumkin. Shu o‘rinda aytish joizki, gitara transpozitsiya qilinadigan asbobdir. Ya’ni, gitara uchun mo‘ljallangan musiqa asarlari nota yozuvida aslidan bir oktava yuqoriroq yoziladi. Bundan maqsad nota yozuvida qo‘shmicha chiziqlar uchun bo‘lgan ehtiyojni yo‘q qilishdir. Quyidagi rasmda gitaraning asl tovush balandligi keltirilgan.

Gitarani pianino bilan sozlash

Gitarani transpozitsiyaga amal qilib sozlaydigan bo‘lsak, asbobning 1-torini ochiq chalganda 2-oktavaning E (mi) notasiga mos keladigan qilib sozlash kerak. (Absolyut balandlikda bu 1-oktavaning E (mi) notasidir). 2-torni esa 1-oktavaning B (si) notasiga, 3-torni 1-oktavaning G (sol) notasiga, 4-torni 1-oktavaning D (re) notasiga, 5-torni kichik oktavaning A (lya) notasiga, 6-torni esa kichik oktavaning E (mi) notasiga mos qilib sozlash kerak.

4. Hushtak kamerton yordamida sozlash

Hushtak kamerton ham oddiy kamerton singari tovush balandligi etaloni vazifasini o‘taydi. Biror torni sozlash uchun hushtakning unga mos keluvchi qismini chalish, tor va hushtakning balandligi bir xil bo‘lguniga qadar gitaraning tegishli qulog‘ini burash kerak.

5. Elektron sozlagichlar

Hozirgi kunda elektron sozlagichlar yoki tyunerlar keng tarqalgan bo‘lib, ular gitara sozlashni ancha osonlashtiradi. Elektron sozlagich torlarni bo‘shatish yoki tortish kerakligini ko‘rsatib turadi. Ayrim gitaralarning o‘ziga o‘rnatilgan sozlagichi bo‘ladi.

6. Onlayn sozlagichlar

Hozirgi kunda gitarani osonlikcha sozlash imkonini beruvchi bepul onlayn sozlagichlar bor. Ularning ayrimlari kompyuter mikrofoni orqali torlarning balandligini o‘lchasa, ayrimlari shunchaki har bir torning tovushini chiqarib beradi. Foydali linklar sahifasida onlayn sozlagichlarga linklarni topasiz.

7. Mobil qurilmalar ilovalari

Android va iOS operatsion tizimlarida ishlaydigan qurilmalar uchun ham sozlagichlar yaratilgan. Bunday ilovalar mobil qurilma mikrofoni orqali torlarning balandligini o‘lchab, ularni aniq sozlash imkonini beradi. Hozirga kunda deyarli har bir insonda o‘z mobil qurilmasi bo‘lgani uchun sozlagich ilovalar juda ommalashdi. Foydali linklar sahifasida bunday ilovalarning ayrimlariga linklar berilgan.

8. Boshqa sozlash turlari

Standart sozlashdan boshqa sozlash turlari ham keng tarqalgan. Masalan, gitaraning barcha torini yarim ton pastlatib sozlash yoki butun ton pastlatib sozlash keng tarqalgan. Shuningdek, pastlatilgan D (re) sozlash ham keng qo‘llaniladi, ayniqsa metal janridagi asarlarda.

Yarim ton pastlatib sozlash

Gitarani yarim ton pastlatib sozlash uchun standart sozlangan gitaraning har bir torini yarim tonga pastlatamiz. Natijada asbob torlarini ochiq chalganda quyida tovushlar chiqadi:

E♭ – B♭ – G♭ – D♭ – A♭ – E♭

(mi-bemol – si-bemol – sol-bemol – re-bemol – lya-bemol – mi-bemol)

Bolalar guruhining Natalie Imruglia ijrosidagi „Torn“ ashulasiga kaveri – „Sog‘indim ishon“ ashulasi yarim ton pastlatib sozlangan gitarada ijro etilgan:

Butun ton pastlatib sozlash

Gitarani butun ton pastlatib sozlash uchun esa har bir torni bit butun tonga pastlatamiz. Natijada asbob torlarini ochiq chalganda quyida tovushlar chiqadi:

D – A – F – C – G – D (re – lya – fa – do – sol – re)

Bolalar guruhi ijrosidagi „Bo‘ldi xato“ ashulasi butun ton pastlatib sozlangan gitarada ijro etilgan:

Shu o‘rinda gitarada istalgan akkordni chalish mumkin, shunday ekan torlarni pastlatib sozlashdan nima foyda, degan savol tug‘ilishi mumkin. Buning sababi ko‘p. Masalan, yarim yoki bir ton pastlatilgan torlar yumshoqroq bo‘ladi va ularni chalish osonlashadi. Shuningdek, gitarani pastlatib sozlash asbobga boshqacharoq ovoz bag‘ishlaydi. Xususan, metall janrida agressiv tovushlar chiqarish uchun gitaralar pastlatib sozlanadi. Nihoyat, gitarani pastlatib sozlash ochiq akkordlarni boshqa tonallikda ijro etish imkonini beradi.

Pastlatilgan D (re) sozlash

Standart sozlashdan boshqa sozlash turlari ham keng tarqalgan. Masalan, pastlatilgan D (re) sozlash (inglizcha drop D tuning) ham keng tarqalgan bo‘lib, unda 6-, ya’ni eng yo‘g‘on torni bir ton pastlatamiz. Boshqacha qilib aytganda, 6 torni E (mi) emas, balki D (re) notasiga sozlaymiz.

Ushbu sozlashdan heavy metal janrida keng qo‘llaniladi. Standart sozlangan gitara sozini o‘zgartirmasdan 6-torda D (re) notasini chalish mumkin bo‘lgan maxsus dastali gitaralar ham yaratilgan.