1. Mediator bilan chertish
Gitara torlarini mediator yoki barmoqlar bilan chertish mumkin. Mediator yordamida solo chalish, akkordlarni zarb bilan, ya’ni muayyan torlarni alohida-alohida emas, balki akkordning barcha notalarini birdaniga chalish mumkin. Mediatorning yaxshi jihati, u bilan chalingan ohanglar jarangdor chiqadi, uzoq payt gitara chalsangiz ham o‘ng qo‘l barmoqlari toliqmaydi yoki shikastlanmaydi.
Ammo neylon torli klassik gitaralarni odatda barmoq bilan chertishadi. Murakkab arpedjiolarni mediator bilan chertib bo‘lmaydi, sababi mediator yordamida bir-biriga yaqin bo‘lmagan torlarni bir vaqtda chalishning iloji yo‘q.
Mediatorni ushlash
Mediatorni ko‘rsatkich barmoq hamda bosh barmoq bilan ushlaymiz. Chalayotib mediatorni to‘g‘ri ushlash kerak: uning uchigina torlarga tegishi kerak. Chap qo‘lingiz bilan o‘rgangan akkordlaringizdan birini ushlab, o‘ng qo‘lingiz bilan mediator yordamida torlarni yuqoridan, ya’ni eng yo‘g‘on tordan pastga, ya’ni eng ingichka torga qarab birma-bir chaling.
Chertayotganda o‘ng qo‘lingizni bo‘sh ushlang. Mediator torlarga yengil tegsa bas. Aks holda, bir tordan keyingisiga o‘tish qiyin bo‘ladi.
Buning ortidan biror akkordni balandroq, tezroq chalishga harakat qiling. Mediator bilan yo‘g‘on simdan ingichka simga qarab zarb bering. Torlarning ovozi jarangdor chiqsin. Agar biror sim bo‘g‘ilayotgan bo‘lsa, chap qo‘lingiz bilan uni qattiqroq bosing.
Yuqoridan pastga zarb berishni o‘zlashtirib olganingizdan keyin, o‘ng qo‘l bilan chalishda davom eting, chap qo‘l bilan esa o‘rgangan akkordlaringizni ketma-ket chalib ko‘ring, Masalam, Em – G – C – D. (Bu Em (mi minor) tonalligi akkordlarini i – III – VI – VII ketma-ketligida chalishga mos keladi. Bu haqda Akkord ketma-ketliklari sahifasida batafsil ma’lumot berilgan.)
Torlarni birdek pastga chalishni o‘rganganingizdan keyin, ularni pastdan yuqoriga chalib ko‘ring. Torlarni pastga ham, yuqoriga ham chalganda birdek balandlikda tovush chiqarishni mashq qiling. Tez zarblarni chalishda torlarni ham pastga, ham yuqoriga qarab chertish qo‘l keladi. Quyida keng tarqalgan zarb turlari bilan tanishishingiz mumkin.
2. Barmoqlar bilan chertish
Gitarani nafaqat mediator bilan, balki barmoqlar bilan ham chalish mumkin. Aslida klassik gitara faqat barmoqlar bilan chertiladi. Barmoqlar bilan chalish uchun o‘ng qo‘l tirnoqlarini 2–3 mm o‘stirish tavsiya qilinadi. Torlarni odatda ham tirnoqlar, ham barmoq uchlari bilan chertishadi. Ayrim gitarachilar o‘ng qo‘l tirnoqlarini ham chap qo‘lnikiday qisqa qilib olib tashlashadi va torlarni faqatgina barmoqlarining uchi bilan chertishadi. Bu osonroq bo‘lsa-da, mazkur yo‘l bilan chalingan torlarning ovozi uncha jarangdor bo‘lmaydi.
O‘ng qo‘lni to‘g‘ri ushlash
Barmoqlar bilan chertayotganda o‘ng qo‘lni yoysimon shaklda – xuddi qo‘l bilan kichik koptok yoki beysbol bitasini ushlagandek tutishimiz kerak. Ya’ni, kaftning o‘rtasi torlardan uzoqroqda turishi kerak. Shuningdek, bilakni ham gitara qornidan uzoqroqda, yoysimon holatda ushlash kerak. Qolaversa, o‘ng qo‘l panjalarini torlarga imkon qadar perpendikulyar holatda ushlash kerak. Bu torlarni chertishni osonlashtiradi.
Torlarni bevosita chertayotganda esa panjalarni ularning asosidagi bo‘g‘indan boshlab egish kerak. Faqat kichik bo‘g‘inlarni ishga solish ko‘p uchraydigan xato bo‘lib, torlar ovozi past va quruq bo‘lishiga olib keladi.
Endi o‘ng qo‘l barmoqlari bilan torlarni chertib ko‘ring. Avval 1-, 2- va 3- torlarni mos ravishda nomsiz, o‘rta va ko‘rsatkich barmoqlar bilan birdaniga chertib ko‘ring. Chertgandan keyin qo‘lingiz qisman yopilgan musht holatiga keladi. Endi esa barcha barmoqlar, jumladan, bosh barmoq (6- yoki 5-torda) yordamida torlarni cherting. Shu o‘rinda aytish joizki, torlarni chertib bo‘lgandan keyin, ko‘rsatkich barmoq bosh barmoq ichida bo‘lishi kerak.
Barmoqlar bilan chertish uslublari
Barmoqlar bilan chertishning ikki keng turi mavjud. Bular terib chertish (inglizcha fingerpicking) hamda fingerstayl (inglizcha fingerstyle) uslublaridir. Quyida ushbu ikki uslub bilan yaqindan tanishib chiqamiz.
Terib chertish shunchaki akkordlarni yoki sodda arpedjiolarni o‘ng qo‘l barmoqlari bilan terib chertishdir. Terib chertganda ham ritmga qo‘shimcha tarzda melodiya ijro etilishi mumkin, ammo mazkur uslub bilan odatda vokal akkompanement ijro etiladi. Bolalar guruhining ilk ashulasi bo‘lmish „Maktab valsi/Школьный вальс“ qo‘shig‘ida o‘ng qo‘l bilan nisbatan sodda ohang chalingan.
Fingerstayl uslubida esa bir gitarachi bir vaqtning o‘zida solo, ritm va bas partiyalarini ijro etadi. Fingerstayl ijrochi akkord, arpedjio, flajolet, hammer-on va pull-off ijro etishi, gitara qornini zarb bilan urib chalishi va boshqa uslublardan foydalanishi mumkin. Fingerstayl asarlar odatda vokal akkompanementsiz ijro etiladi.
Gitarani noxun bilan ham chalish mumkin. Noxun gitara, banjo, Markaziy Osiyoda esa tanbur, sato va doira chalishda ishlatiladigan maxsus moslamadir. Noxunlar po‘lat torli gitarani barmoqlar bilan chalishda qo‘l keladi.
Barmoqlarning nomlanishi
Barmoqlar bilan chertish aks etgan nota yozuvida o‘ng qo‘l barmoqlarining standart nomlari ishlatiladi. Bu nomlar o‘ng qo‘l barmoqlarining ispancha nomlaridan olingan va quyidagichadir:
- p – bosh barmoq (ispancha pulgar)
- i – ko‘rsatkich barmoq (ispancha indice)
- m – o‘rta barmoq (ispancha medio)
- a – nomsiz barmoq (ispancha anular)
Standart pozitsiyada bosh barmoq 6-torga (yo‘g‘on E (mi) toriga) qo‘yiladi. Ko‘rsatkich, o‘rta va nomsiz barmoq esa 3-, 2- va 1- torlarga (G (sol), B (si) va E (mi) torlariga) qo‘yiladi. Ushbu umumiy pozitsiyadako‘rsatkich, o‘rta va nomsiz barmoqlar bilan ingichka torlarni, bosh barmoq bilan esa bas torlarni chertamiz.
Etyudlar
Barmoqlar bilan chertishni o‘rganish uchun etyudlar chalishni tavsiya qilaman. Etyud bu – cholg‘u ijrochisi malakasini oshirishga mo‘ljallangan asar. Quyida Jonathan Adamsning Getting into Fingerstyle Guitar kitobidan olingan ajoyib etyudlar tabulatura shaklida, audioyozuvlari bilan birga keltirilgan. Ularning barchasini i, m, a va p panjalari bilan ijro etamiz. Torlarni chap qo‘lning qaysi panjalari bilan bosish kerakligi raqamlar bilan ko‘rsatilgan.
Etyud #1
Etyud #2
Etyud #3
Etyud #4
Etyud #5
Etyud #6
3. Zarb
Gitarada garmoniya ijro etishda zarb (ruscha бой) juda muhim o‘rin tutadi. Zarb bu gitara ijro etish uslublarining biri bo‘lib, unda yonma-yon joylashgan muayyan torlarni yoki barcha torni zarb bilan chertamiz. Zarb chalganda asbobdan chiroyli va yoqimli tovush chiqarish uchun o‘ng qo‘lni bo‘sh ushlash kerak. Zarbni gitara qorin teshigi ustida chalish „yo‘g‘onroq“ tovush chiqarsa, xarakka yaqin yerda chalish „ingichkaroq“, jarangdor tovush chiqaradi. Gitarada zarbni ham mediator bilan, ham barmoqlar bilan chertish mumkin.
Gitarada zarb chalayotganda nimalarga e’tibor berish kerak? Birinchi o‘rinda, zarbni „his qila bilish“ kerak. Zarbning vazifasi barqaror ritm yaratishdir. Shunday ekan, zarbni chalishdan oldin uni xayolingizga tasavvur qila olishingiz kerak.
Shuningdek, zarb chalayotganda o‘ng qo‘l bilagini bo‘sh tutish kerak. Torlarni asosan qo‘lning pastki qismini harakatlantirib chalamiz. Tabiiyki, zarb chalayotganda tirsakni ham ishga solamiz, ammo asosiy harakat bilaklarda bo‘lishi kerak.
Amal qilishimiz kerak yana bir qoida: zarbning biror hissasida tor chalinmasa ham, o‘ng qo‘l tinimsiz harakatlanishi kerak. Bu zarb chalayotgan qo‘l haqida o‘ylab o‘tirmasligimizni ta’minlaydi. Shuningdek, zarb chalayotgan qo‘lni muntazam harakatlantirish ritmni birdek chalishni osonlashtiradi.
4. Zarb uslublari
Zarb chalishning juda ko‘p uslubi mavjud bo‘lib, mazkur bo‘limda ularning ayrim keng tarqalgan turlariga to‘xtalib o‘tamiz. Ushbu nisbatan oson zarblarni o‘rganib olganingizdan keyin, murakkabroq zarblarni chalishni o‘rganishingiz mumkin bo‘ladi.
Boshida eshitgan asaringiz zarbini darhol chala olmasligingiz mumkin. Ammo tajribangiz oshganidan keyin, eshitgan deyarli har qanday zarbni chala oladigan bo‘lasiz. Zarb va zarb uslublari haqida o‘rganar ekansiz, musiqiy metr va ritm tushunchalari bilan tanishib chiqishni tavsiya qilaman.
Yuqoriga va pastga zarb chalishni turli belgilar bilan ifodalash mumkin. Masalan, pastga chertishni ↓ belgisi bilan, yuqoriga chertishni esa ↑ belgisi bilan ifodalash mumkin. Yoki pastga chertish d (inglizcha down so‘zidan olingan), yuqoriga chertish u (inglizcha up so‘zidan olingan) bilan ifodalanishi mumkin. An’anaviy nota yozuvida va Guitar Pro dasturida esa pastga zarb П belgisi bilan, yuqoriga zarb esa V belgisi bilan ifodalanadi.
Quyida besh sodda zarb uslubi berilgan. Ularning barchasi 4/4 o‘lchovidadir. Qisqa qilib aytganda, 4/4 bu har bir takt to‘rt zarbdan iborat, degani. O‘lchov haqida Nota yozuvi va teoriya sahifasida batafsil ma’lumot berilgan.
Zarb uslubi #1
Ushbu zarb juda sodda bo‘lib, taktning har bir hissasida torlarni bir marta pastga chertamiz. Zarbni chap qo‘lingiz bilan o‘zingiz bilgan akkordni ushlagan holda chertib ko‘ring. Bu yerdagi misolda C (do major) akkordi keltirilgan.
Zarb uslubi #2
Torlarni pastga chertishni mashq qilganimizdan keyin, zarb haqida umumiy tushunchaga ega bo‘lasiz. Endi torlarni yuqoriga chertish ham talab qilinuvchi zarbni ko‘rib chiqsak. Quyidagi misolda torlarni ikki marta yuqoriga chertamiz.
Zarb uslubi #3
Navbatdagi zarbda esa torlarni uch marta yuqoriga chertamiz. Birinchi hissani faqat pastga chertamiz. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi hissada esa torlarni bir marta pastga, bir marta yuqoriga chertamiz.
Zarb uslubi #4
Navbatdagi zarbda pastga va yuqoriga chertishlar soni bir xil. Shu o‘rinda aytish joizki, torlarni pastga chertish odatda kuchli hissa, yuqoriga chertish esa kuchsiz hissaga mos tushadi. Hissalar haqida Nota yozuvi va teoriya sahifasida batafsil ma’lumot berilgan.
Zarb uslubi #5
Zarb chalishda kerak bo‘ladigan yana bir narsa biror hissada zarbni o‘tkazib yuborishdir. Ya’ni, muayyan hissada o‘ng qo‘l harakatlanishda davom etadi, ammo torlarni chertmaydi. Quyidagi zarbda bunga misol keltirilgan.
Tajribali gitarachilar zarb ijro etayotganda kuchli va kuchsiz hissalarni va torlarni necha marta yuqoriga, necha marta pastga chertishni sanab o‘tirmaydilar. Mashq qilishda va turli zarblarni ijro etishda davom etar ekansiz, siz ham zarblarni „his qila“ boshlaysiz va har qanday zarbni eshitishingiz bilan ijro eta oladigan bo‘lasiz.
Haqiqiy ashulalardagi ritmlarni chalib ko‘rishni istasangiz, Videodarslar sahifasidagi ashulalarni chalib ko‘rib. Har bir videoda tegishli ashulaning ritmni batafsil ko‘rsatilgan. Qolaversa, Tabulatura sahifasida o‘zbekcha ashulalarning to‘liq tabulaturalari keltirgan bo‘lib, ular yordamida ashula ritmini chalishni osonlikcha o‘zlashtirishingiz mumkin.