1. Gamma nima?

Rubobim tori ikkidur:
Biri quvnoq, biri mahzun,
Ki baytim satri ikkidur:
Biri dilxush, biri dilxun.

Erkin Vohidov
„Rubobim tori ikkidur...“

Musiqada gammalar (inglizcha scale tushunchasiga mos keladi) juda muhim o‘rin tutadi. Musiqa bastalashda, musiqa nazariyasini o‘rganishda, musiqani anglashda, akkord va akkordlar zinalari yoki ketma-ketliklarini tuzishda hamda solo chalish va improvizatsiya qilishda gammalarga tayanamiz.

Gammani muayyan notalarning oktava orasidagi tartibi, deya ta’riflash mumkin. Qobiljon Usmonov o‘zining „Boshlang‘ich rubob darsligi“ kitobida (Toshkent, 1975; 1995-yil qayta nashr qilingan) quyidagicha ta’rif beradi: „Ma’lum tartibda yuqorilashuvchi yoki pastlovchi tovush qatorlariga gamma deyiladi. Gammadagi tovushlarning yuqorilab borishi ko‘tarilayotgan gamma deyiladi. ... Gammadagi tovushlarning pastlashib borishi esa pastlashayotgan gamma deyiladi“.

Temperatsiyadagi barcha 12 pog‘onani o‘zida jamlagan gammani xromatik gamma deb ataymiz. Agar gitara dastasida istalgan notani chalib, keyingi oktavaning o‘sha notasigacha bo‘lgan oraliqdagi har bir notani chalsangiz, xromatik gammani ijro etgan bo‘lasiz. Masalan, 6-torda ochiq E (mi) notasini chalib, har bir pardani birma-bir 12-pardadagi E (mi) notasigacha chalsangiz, xromatik gammani ijro etgan bo‘lasiz. Diyezlar yordamida yozilgan C (do) xromatik gammasi quyidagichadir:

C – C# – D – D# – E – F – F# – G – G# – A – A # – B

Bemollar bilan yozilgan C (do) xromatik gamma esa quyidagichadir:

C – D♭ – D – E♭ – E – F – G♭ – G – A♭ – A – B♭ – B

Xromatik gamma asosida odatda kuy chalinmaydi. Shunday bo‘lsa-da, boshqa keng tarqalgan gammalar xromatik gamma asosida tuziladi, shuning uchun bu gammani yaxshi anglab yetish muhim.

Masalan, diatonik gamma yetti tovushli gamma bo‘lib, undagi tovushlarning barchasini sof kvinta va/yoki kvartalar bo‘ylab joylashtirish mumkin. Diatonik gammada har bir oktavada beshta butun va ikkita yarim ton bo‘ladi. Yettita ketma-ket tabiiy notadan tuzilgan har qanday tovushqator, masalan, C – D – E – F – G – A – B diatonik gamma bo‘ladi. Ko‘rib turganingizdek, diatonik gamma xromatik gamma asosida tuziladi. Quyida tabiiy (natural) major va tabiiy minor gammalari haqida so‘z yuritiladi. Ular diatonik gammalarga misol bo‘la oladi.

Gammadagi tovushlarni bosqichlar (pog‘onalar) o‘laroq belgilash keng tarqalgan. Bu juda oddiy bo‘lib, gammaning birinchi tovushi I, ikkinchi tovushi II va hokazo deb belgilanadi. Sakkizinchi tovush yana I bilan belgilanadi, chunki sakkizinchi tovush ilk tovushdan bir oktava masofada bo‘lib, shu tovushdan gamma yana qaytalana boshlaydi. Gammaning birinchi bosqichi uning tonikasi deb taladi.

Kuy bastalashda va ijro etishda turli xil gammalardan foydalaniladi. Bular orasida major va minor gammalar eng keng tarqalgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Quyida ayrim keng tarqalgan gamma turlari bilan tanishishingiz mumkin. Boshlang‘ich o‘rganuvchilarga tabiiy major va tabiiy minor gammalarni o‘rganishdan boshlashni tavsiya qilaman.

Gamma tuzishning turli uslublari bor. Eng keng tarqalgan uslublardan biri yarim va butun tonlar formulalariga tayanadi. Yuqorida yozilganidek, gitara temperatsiyalangan asbob bo‘lib, unda yarim ton – bir parda, butun ton esa ikki parda intervalga mos keladi.

2. Major gammalari

Tabiiy (natural) major gammasi butun va yarim tonlardan iborat quyidagi formula bo‘yicha tuziladi:

butun, butun, yarim, butun, butun, butun, yarim

(1 ton, 1 ton, 0,5 ton, 1 ton, 1 ton, 1 ton, 0,5 ton)

Buni B – B – Y – B – B – B – Y deya ifodalasak, eslab qolishimiz oson bo‘ladi. Inglizcha bu formula W – W – H – W – W – W – H shaklida ma’lum, chunki W = whole step (butun ton), H = half step (yarim ton).

Keling, C (do) major gammasini tuzamiz. Beshinchi (ochiq chalganda A (lya) notasiga sozlangan) torda C (do) major gammasini quyidagicha ijro etamiz: 3-pardada C (Do) notasini chalamiz. So‘ngra bir butun ton (ikki parda) siljib, D (re) notasini chalamiz. Yana butun ton (2 parda) siljib, E (mi) notasini chalamiz. Buning ortidan yarim ton (bir parda) siljib, F (fa) notasini chalamiz. So‘ngra butun ton siljib, G (sol), yana butun ton siljib A (lya), yana butun ton siljib B (si) va, nihoyat, yarim ton siljib C (do) notasini chalamiz. Ya’ni, C (do) major gammasi quyidagi notalardan iborat: C – D – E – F – G – A – B – C (do – re – mi – fa – sol – lya – si – do).

Hammaga yod bo‘lib ketgan do – re – mi – fa – sol – lya – si – do gammasi major gammalar formulasini eslab qolishni osonlashtiradi, chunki E (mi) va F (fa) hamda B (si) va C (do) o‘rtasida diyez/bemol yo‘qligini bilganimiz uchun do – re – mi – fa – sol – lya – si – do gammasidan B – B – Y – B – B – B – Y formulasini osonlikcha chiqarib olamiz.

Gammani faqat bir torda emas, bir necha torda chalish ham mumkin. Aksar holatlarda shunday qilgan ma’qul, chunki bir torda gamma chalish uchun chap qo‘lni uzoq masofaga siljitish kerak. Masalan, C (do) major gammasini 5-torning 3-pardasida, ya’ni C (do) notasidan boshlab, quyidagicha chalish mumkin: bir butun ton (ikki parda) siljib, D (re) notasini chalamiz. So‘ngra 4-torning 2-pardasida E (mi) notasini chalamiz. Buning ortidan yarim ton (bir parda) siljib, F (fa) notasini chalamiz. Ayni torda butun ton siljib, G (sol) notasini chalamiz. Keyin esa 3-torning 2-pardasida A (lya) notasini chalamiz. Yana butun ton siljib, B (si) notasini chalamiz. Nihoyat, yarim ton siljib, C (D) notasini chalib, 1 oktavaga cho‘zilgan C (do) tabiiy major gammasini yakunlaymiz.

Gammani bir oktavada emas, bir necha oktavada chalishimiz ham mumkin. Buning uchun yo‘g‘on torlardan boshlab, ingichka torlarga qarab yuqorida ko‘rsatilgan rasmlardagidek kerakli notalarni chalamiz. Quyidagi rasmda gitarada C (do) major gammasini chalishning barcha yo‘llari berilgan.

B – B – Y – B – B – B – Y (W – W – H – W – W – W – H) formulasi yordamida istalgan pardadan boshlab tabiiy major gammasini tuzish mumkin. Masalan, A (lya) major gammasini 5-torda gorizontal shaklda chalish uchun, birinchi 5-torni ochiq chalamiz. So‘ngra bir butun ton (torni ochiq chalishni shartli ravishda birinchi parda deb olib, ikki parda) siljib, 2-pardada B (si) notasini chalamiz. Yana butun ton (2 parda) siljib, C# (do-diyez) notasini chalamiz. Buning ortidan yarim ton (bir parda) siljib, D (re) notasini chalamiz. So‘ngra butun ton siljib E (mi), yana butun ton siljib F# (fa-diyez), yana butun ton siljib G# (sol-diyez), va, nihoyat, yarim ton siljib A (lya) notasini chalamiz. Ya’ni, A (lya) major gammasi quyidagi notalardan iborat: A – B – C# – D – E – F# – G# – A.

Bu gammani ham bir necha torda va bir necha shaklda ijro etish mumkin:

3. Minor gammalari

Tabiiy (natural) minor gammasi butun va yarim tonlardan iborat quyidagi formula bo‘yicha tuziladi: 

butun, yarim, butun, butun, yarim, butun, butun

(1 ton, 0,5 ton, 1 ton, 1 ton, 0,5 ton, 1 ton, 1 ton)

Buni B – Y – B – B – Y – B – B deya ifodalasak, eslab qolishimiz oson bo‘ladi. Inglizcha bu formula W – H – W – W – H – W – W shaklida ma’lum, chunki W = whole step (butun ton), H = half step (yarim ton).

Keling, A (lya) minor gammasini tuzamiz. B – Y – B – B – Y – B – B (inglizcha W – H – W – W – H – W – W) formulasini eslab qolishingiz oson bo‘lishi uchun beshinchi (ochiq chalganda A (lya) notasiga sozlangan) torda A (lya) major gammasini quyidagicha ijro etamiz: 5-torni ochiq chalamiz. Buning ortidan 2-pardada B (si) notasini chalamiz. So‘ngra yarim ton (bir parda) siljib, C (do) notasini chalamiz. So‘ngra butun ton (2 parda) siljib, D (re) notasini chalamiz. Buning ortidan yana butun ton (ikki parda) siljib, E (mi) notasini chalamiz. So‘ngra yarim ton siljib, F (fa), butun ton siljib G (sol) va, nihoyat, butun ton siljib A (lya) notasini chalamiz. Ya’ni, A (lya) minor gammasi quyidagi notalardan iborat: A – B – C – D – E – F – G – A (lya – si – do – re – mi – fa – sol – lya).

Major gammalari kabi, minor gammalarini ham odatda bir necha torda chalinadi. Masalan, A (lya) minor gammasini 6-torning 5-pardasida, ya’ni A (lya) notasidan boshlab, quyidagicha chalish mumkin: 5-torning ikkinchi pardasida B (si) notasini chalamiz. So‘ngra yarim ton (bir parda) siljib, C (do) notasini chalamiz. Ayni torda butun ton siljib, D (re) notasini chalamiz. Keyin esa 4-torning 2-pardasida E (mi) notasini chalamiz. Yarim ton siljib, F (fa) notasini chalamiz. Bir ton siljib, G (sol) notasini chalamiz. Keyin esa 3-torning 2-pardasida A (lya) notasini chalib, bit oktavaga cho‘ziglan A (lya) minor gammasini tugatamiz.

Ammo bu yerda ayni gammani yana bir oktava chalsak bo‘ladi. Buning uchun 3-torning 2-pardasidan bir ton siljib, B (si) notasini chalamiz. Yarim ton siljib, C (do) notasini chalamiz. Buning ortidan 2-torning 3-pardasida D (re) notasini chalamiz. So‘ngra bir ton siljib, E (mi), yana yarim ton siljib F (fa) notasini chalamiz. Nihoyat, 1-torning 3-pardasida G (sol) notasini, bir ton siljib, A (lya) notasini chalib, 2 oktavaga cho‘zilgan A (lya) tabiiy minor gammasini yakunlaymiz.

Quyidagi rasmda gitarada A (lya) minor gammasini chalishning barcha yo‘llari berilgan.

Major va minor gammalari o‘rtasidagi farqni yaxshiroq anglashingiz uchun quyida C (do) major va C (do) minor gammalari yonma-yon keltirilgan. Avval faqat 5-torda bir oktava chalingan C (do) major va minor gammalarini solishtirsak:

5-torda C (do) major gammasi (B – B – Y – B – B – B – Y)
5-torda C (do) major gammasi (B – B – Y – B – B – B – Y)
© GuitarToneMaster.com

Quyida esa C (do) minor gammasini chalishning barcha yo‘llari berilgan. E’tibor bersangiz, A (lya) minor gammasini chalish shakllari, ya’ni gammaning yarim va butun tonlar asosida qurilgan tuzilishi C (do) minor gammasi shakllariga o‘xshaydi. Yagona farqi – gamma shakllarining pardalardagi o‘rnidir.

4. Parallel va nomdosh gammalar

Shu o‘rinda major va minor gammalar o‘rtasidagi bog‘liqlikka to‘xtalib o‘tsak. Har qanday major gammasining VI bosqichidan tuzilgan tovush qatori o‘sha major gammasiga parallel minor gammasini hosil qiladi. Masalan, yuqoridagi C (do) major gammasining VI bosqichi A (lya) bo‘lib, o‘sha notadan boshlangan tovushlar A (lya) minor gammasini tuzadi. Boshqacha qilib aytganda, C (do) major gammasi A (lya) minor gammasiga paralleldir. Quyida E♭ (mi-bemol) major hamda C (do) minor parallel gammalarini solishtirishingiz mumkin.

Bir xil tonikaga ega gammalarni esa nomdosh gammalar deb ataymiz. Masalan, A (lya) major hamda A (lya) minor gammalari nomdosh gammalarga misol bo‘ladi. Quyida C (do) major hamda C (do) minor nomdosh gammalarini solishtirishingiz mumkin.

Ingliz tilida parallel gammalar relative scales deb nomlanadi. Inglizchada parallel scales deb bir xil tonikaga ega gammalarga, ya’ni nomdosh gammalarga aytiladi. Masalan, inglizcha manbalarda C (do) major gammasi hamda A (lya) minor gammasi relative gammalar bo‘lib, C (do) major gammasi hamda C (do) minor gammalari esa parallel gammalardir.

Gamma va tonallik tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, tonallik asar balandligini, gamma esa o‘sha balandlikda chalish mumkin bo‘lgan muayyan nota va akkordlar to‘plamini anglatadi. Parallel gammalar va parallel tonallik hamda nomdosh gammalar va nomdosh tonallik haqida Tonallik sahifasida atroflicha ma’lumot berilgan.

5. Major pentatonikasi

Gitarachilar orasida pentatonika yoki pentatonik gammalar ham keng tarqalgan. Penta so‘zining ma’nosi besh bo‘lib, bunday gammalar besh notadan iborat bo‘ladi. Major pentatonikasidan country, blues va rock janrlarida eng qo‘llaniladi. Ushbu gamma butun va yarim tonlardan iborat quyidagi formula bo‘yicha tuziladi:

butun, butun, butun + yarim, butun, butun + yarim

(1 ton, 1 ton, 1,5 ton, 1 ton, 1,5 ton)

Buni B – B – B+Y – B – B+Y deya ifodalasak, eslab qolishimiz oson bo‘ladi. Inglizcha bu formula W – W – W+H – W – W+H shaklida ma’lum, chunki W = whole step (butun ton), H = half step (yarim ton).

Quyida 5-torda C (do) major pentatonikasi keltirilgan.

Major pentatonikalarini ham turli shakllarda ijro etish mumkin. Quyida C (do) major pentatonikasini ijro etishning shakllaridan biri keltirilgan. Har doimgidek, pardalarda siljib, boshqa major pentatonikalarini ayni shaklda ijro etish mumkin.

Quyida esa C (do) major pentatonikasini chalishning barcha yo‘llari berilgan.

6. Minor pentatonikasi

Minor pentatonikasi gitarachilar orasida juda keng tarqalgan. Bu gammalar asosan blues, jazz, rock va pop musiqa janrlarida qo‘llaniladi. Minor pentatonikasini butun va yarim tonlardan iborat quyidagi formula bo‘yicha tuzamiz: 

butun + yarim, butun, butun, butun + yarim, butun

(1,5 ton, 1 ton, 1 ton, 1,5 ton, 1 ton)

Buni B+Y – B – B – B+Y – B deya ifodalasak, eslab qolishimiz oson bo‘ladi. Inglizcha bu formula W – W – W+H – W – W+H shaklida ma’lum, chunki W = whole step (butun ton), H = half step (yarim ton).

Quyida 5-torda C (do) minor pentatonikasi keltirilgan.

Minor pentatoniklarini ham turli shakllarda ijro etish mumkin. Quyida C (do) minor pentatonikasini ijro etishning eng keng tarqalgan va oson shakllaridan biri keltirilgan. Har doimgidek, pardalarda siljib, boshqa minor pentatonikalarini ayni shaklda ijro etish mumkin.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi shakl major pentatonikasi shakllarining biriga o‘xshaydi. Aslida ikkisi ikki xil gamma, chunki ushbu ikki gammaning tonikasi (ya’ni, ilk notasi) boshqa-boshqa.

Quyida esa C (do) minor pentatonikasini chalishning barcha yo‘llari berilgan.

7. Melodik minor gammalari

Yana bir keng tarqalgan gamma turi melodik minor gammasi bo‘lib, u major gammasi asosida tuziladi. Tabiiy major gammasini melodik minor gammasiga aylantirish uchun major gammasining 3-bosqichini yarim tonga pastlatish kifoya. Bu sahifada melodik minor gammalarining jazz versiyasini ko‘rib chiqamiz, xolos. Klassik melodik minor gammalarida ko‘tarilayotganda boshqa tovushlar, pastlayotganda boshqa tovushlar chalinadi.

Melodik minor gammasini butun va yarim tonlardan iborat quyidagi formula bo‘yicha tuzamiz:

butun, yarim, butun, butun, butun, butun, yarim

(1 ton, 0,5 ton, 1 ton, 1 ton, 1 ton, 1 ton, 0,5 ton)

Buni B – Y – B – B – B – B – Y deya ifodalasak, eslab qolishimiz oson bo‘ladi. Inglizcha bu formula W – H – W – W – W – W – H shaklida ma’lum, chunki W = whole step (butun ton), H = half step (yarim ton).

Quyida 5-torda C (do) melodik minor gammasi keltirilgan.

Melodik minor gammasini ham, tabiiyki, barcha torlarda chalish mumkin. Quyida ushbu gammaning shakllaridan biri keltirilgan.

C (do) melodik minor gammasi shakllaridan biri
C (do) melodik minor gammasi shakllaridan biri
© GuitarToneMaster.com

Quyida esa C (do) melodik minor gammasini chalishning barcha yo‘llari berilgan.

8. Garmonik minor gammalari

Garmonik minor gammasi nisbatan keng qo‘llaniladigan gamma bo‘lib, uni quyidagi formula asosida chalamiz:

butun, yarim, butun, butun, yarim, butun + yarim, yarim

(1 ton, 0,5 ton, 1 ton, 1 ton, 0,5 ton, 1,5 ton, 0,5 ton)

Buni B – Y – B – B – Y – B+Y – Y deya ifodalasak, eslab qolishimiz oson bo‘ladi. Inglizcha bu formula W – H – W – W – H – W+H – H shaklida ma’lum, chunki W = whole step (butun ton), H = half step (yarim ton). Garmonik minor gammasini major gammaning 3- va 6-bosqichlarini yarim ton pastlatib tuzamiz. Minor gammaning 7-bosqichini yarim ton ko‘tarish ham garmonik minor gammasini hosil qiladi.

9. Boshqa gamma turlari

Yuqorida tilga olingan gammalardan boshqa gamma turlari juda ko‘p. Tabiiyki, ularning har birini o‘rganish shart emas. Sizni qiziqtirgan musiqa janrlaridan kelib chiqib, tegishli gammalarni o‘rganish kifoya. Shunday bo‘lsa-da, boshqa nisbatan keng tarqalgan gamma turlariga ham to‘xtalib o‘tsak. Blues gammasi ham nisbatan keng tarqalgan bo‘lib, u juda oson – uni ijro etish uchun minor pentatonikasiga bir nota qo‘shamiz.

C (do) blues gammasi

Har bir gamma haqida batafsil ma’lumot va mashqlar berilgan saytlar juda ko‘p. Foydali linklar sahifasida bunday saytlarning ayrimlariga ishoratlar berilgan.

10. Ladlar haqida ikki og‘iz so‘z

Lad tushunchasiga ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Boshlang‘ich gitarachilar uchun gammalarni puxta o‘zlashtirish kifoya. Shunday bo‘lsa-da, ladlar haqida ikki og‘iz so‘z aytish kerak, chunki rus va ruslar ta’sirida shakllangan zamonaviy o‘zbek musiqa nazariyasida lad tushunchasi muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, lad va gamma tushunchalari bir-biriga chambarchas bog‘liq. Odatda ruscha lad tushunchasi g‘arb musiqa nazariyasida uchraydigan mode tushunchasiga tenglashtiriladi. Ammo mode tushunchasi lad tushunchasiga 100 foiz mos tushmaydi.

Rus musiqa nazariyasida lad

Rus musiqa nazariyasida lad (ruscha лад – uyg‘unlik, tartib) tushunchasi muhim o‘rin tutadi, ayniqsa, XX asr musiqasida. Keng ma’noda, lad pardalarning o‘zaro mutanosibligi va uyg‘unligini, turli balandlikdagi musiqiy tovushlarning bir-biriga bog‘liqligi va uyg‘unligini anglatadi. Musiqa nazariyasida esa musiqiy pog‘onalarning tonika, ya’ni tayanch yoki bosh tovush atrofida o‘zaro bog‘lanish tizimi lad deyiladi.

Gamma va lad tushunchalari bir-biriga bog‘liq bo‘lib, ladning har xil talqini bo‘lgani uchun bu farqni aniq belgilash mushkul. Qadamboy Rahimov o‘zining „Musiqaning elementar nazariyasi“ (Toshkent, 2007) kitobida ladni „o‘zaro bog‘langan musiqaviy tovushlarning tonika deb atalgan tayanch tovush doirasida joylashuvi“, gammani esa „lad tovushlarining balandlik bo‘yicha bir tonikadan navbatdagi oktavaning tonikasigacha joylashuvi“ deb ta’riflagan. Umuman olganda, lad kengroq tushuncha bo‘lib, gammani ladning bir turi, deyish mumkin. Xususan, lad pog‘onalarining ketma-ket kelishi uning gammasini tashkil etadi, desak bo‘ladi.

Ayrim ruscha va o‘zbekcha manbalarda yuqorida aytib o‘tilgan major va minor gammalar major va minor ladlar deb yuritiladi. Masalan, ruscha va o‘zbekcha manbalarda tabiiy major gamma o‘rniga tabiiy major ladi atamasi qo‘llanilganini uchratish mumkin.

G‘arb musiqa nazariyasida lad

Sodda qilib aytganda, g‘arb musiqasida lad gammaning bir turidir. Xususan, ladlar major gammalar bilan bir xil narsa. Yagona farqi, ladlar major gammalardan tonal markazi bilan farq qiladi. Oddiy major gammadagi musiqani ioniy ladida deyish mumkin. Ushbu ma’no nazarda tutilganda ladlar ruscha va o‘zbekcha manbalarda xalq musiqasi ladlari deb yuritiladi.

Yettida lad turi bo‘lib, ular quyidagilardir:

Lad Major gammaga
nisbatan tonika
Interval ketma-ketligi Misol
Ioniy (Ionian)  I W–W–H–W–W–W–H C–D–E–F–G–A–B–C
Doriy (Dorian) II W–H–W–W–W–H–W D–E–F–G–A–B–C–D
Frigiy (Phrygian) III H–W–W–W–H–W–W E–F–G–A–B–C–D–E
Lidiy (Lydian) IV W–W–W–H–W–W–H F–G–A–B–C–D–E–F
Miksolidiy (Mixolydian) IV W–W–H–W–W–H–W G–A–B–C–D–E–F–G
Eoliy (Aeolian) VI W–H–W–W–H–W–W A–B–C–D–E–F–G–A
Lokriy (Locrian) VII H–W–W–H–W–W–W B–C–D–E–F–G–A–B

Yuqorida turli xil tonikaga ega ladlarga misollar keltirilgan. Keling, bir xil tonikaga ega ladlarni ham ko‘rib chiqamiz. Masalan, A (lya) major gammasini olaylik. Yuqorida aytib o‘tilganidek, tabiiy major gammasi ioniy ladiga mos keladi. Shunday ekan, A (lya) major gammasi va A (lya) ioniy ladi ayni narsa. Quyida A (lya) tonikasi asosida tuzilgan barcha ladlar hamda har bir ladni major gammaga tayangan holda chiqarish formulasi keltirilgan.

Lad Misol
Major gammadan farqi
Ioniy (Ionian)  A  B C# D E F# G# yo‘q (ayni narsa)
Doriy (Dorian) A B C D E F# G ♭3, ♭7
Frigiy (Phrygian)  A  B♭ C D E G ♭2, ♭3, ♭6, ♭7
Lidiy (Lydian)  A  B C# D# E F# G# #4
Miksolidiy (Mixolydian)  A  B C# D E F# G ♭7
Eoliy (Aeolian)  A  B C D E F G minor gamma
Lokriy (Locrian) A B♭ C D Eb F G ♭2, ♭3, ♭5, ♭6, ♭7