1. Flajolet

Flajolet (inglizcha harmonics) torli sozlarda keng qo‘llaniladigan uslub bo‘lib, unda cholg‘u asbobidan o‘ziga xos tembrga ega oberton chiqariladi. Oberton esa, o‘z navbatida, asosiy tovush bilan birga chiqadigan va unga o‘zgacha tus beradigan tovushdir. Nota yozuvida flajoletni ifodalash uchun bir chiziqchada (shtilda) ikki nota yoziladi: asosiy tovush normal nota o‘laroq belgilanadi, flajolet obertoni esa romb yoki kvadrat shaklidagi nota belgisi bilan ifodalanadi.

Tabiiy flajolet

Tabiiy flajolet (inglizcha natural harmonics) flajolet chalishning eng keng tarqalgan uslubi bo‘lib, unda gitara toriga barmoq uchi bilan yengil tegish orqali oberton hosil qilinadi. Flajoletni muayyan pardalarda chalish oson. Xususan, 12-, 7- va 5-pardalarda tabiiy flajolet chalish nisbatan oson.

Tabiiy flajolet chalish qadamlari quyidagilardir:

  1. Tegishli torni o‘ng qo‘l bilan chertamiz.
  2. O‘ng qo‘l bilan torni chertar ekanmiz, chap qo‘l barmog‘i bilan flajolet chalish lozim bo‘lgan parda (masalan, 12-parda) tayoqchasining qoq ustida torga sal tegamiz. Torni chap qo‘l qattiq bilan bosmaymiz – unga sal tegamiz, xolos.

Ziyod Eshonxo‘jayev ijrosidagi „Bu oqshom“ ashulasining bir necha versiyasi mavjud bo‘lib, ularning birida 5-torning 5-pardasida tabiiy flajolet chalingan. Uni ijro etish quyidagi videoda ko‘rsatilgan.

Flajolet fizikasi

Torlarni chertganimizda odatda asosiy chastotani eshitamiz, xolos. Flajolet ijro etganimizda esa obertonlar oldingi fonga chiqadi. Natijada o‘ziga xos tovush yuzaga keladi. Bu holatni tovush to‘lqinlari yordamida izohlash mumkin.

Tabiiy flajolet ijro etganimizda, torni teng ikki qismga, 1/3 qismga, chorak qismga, 1/5 qismga yoki 1/6 qismga bo‘lamiz. Masalan, 12-pardada flajolet ijro etganimizda torni teng ikkiga bo‘lamiz. Ya’ni, 12-parda torning tabiiy flajolet chiqaruvchi proporsional kesimlarining biridir. 7-parda esa torning 1/3 qismiga teng, 5-parda esa torning 1/4 qismiga teng va hokazo.

Flajolet ijro etganimizda barmoq torni teng 1/2, 1/3 yoki 1/4 qismga bo‘ladi, natijada tor tebranishi ham ham 1/2, 1/3 yoki 1/4 ga bo‘linadi. Tor tebranishing bo‘linishi esa tovush to‘lqinini ham bo‘ladi. Tovush to‘lqini nota chastotasini, ya’ni siz chalayotgan notani belgilaydi. Quyidagi rasmda torli cholg’udagi flajolet kesimlarining vizualizatsiyasi keltirilgan.

2. Hammer-on

Hammer-on (inglizcha „bolg‘alash, zarb berish“) gitara chalishda juda keng qo‘llaniladi. Bu uslub legato, ya’ni tovushlarni bir-biriga silliq bog‘lab, qo‘shib ijro etishning bir turidir. Nota yozuvida legatoning barcha uslubi liga, ya’ni yoysimon belgi bilan ifodalanadi. Liga turli balandlikdagi bir necha tovushni bir-biriga bog‘lab, ularni qo‘shni tovushlardan ajratib, uzluksiz ijro etish kerakligini anglatadi.

Hammer-on ham, pull-off ham ligatoning bir turi bo‘lib, ularni ijro etishda tor faqat bir marta chertiladi. Boshqacha qilib aytganda, ikkinchi notani chalish uchun tor o‘ng qo‘l bilan ikkinchi marta chertilmaydi. Hammer-on past (gitara quloqlariga yaqinroq) notadan baland (gitara qorniga yaqinroq) notaga o‘tishda qo‘llaniladi. 

Hammer-on chalish qadamlari quyidagilardir:

  1. Dastada biror pardani bosamiz.
  2. Tegishli torni o‘ng qo‘l bilan chertamiz.
  3. Chap qo‘l panjasini birinchi notadan qo‘yib yubormasdan, tezda ikkinchi (balandroq, ya’ni gitara qorniga yaqinroq) notani chap qo‘lning boshqa panjasi bilan pardaga zarb bergan holda chalamiz. Ya’ni, ikkinchi notani chalish uchun torni o‘ng qo‘l bilan qayta chertmaymiz.

Dado guruhi ijrosidagi „Yuragim“ ashulasi solosida hammer-onga misol topasiz:

3. Pull-off

Pull-off (inglizcha „tortish, yulish“) hammer-on uslubining aksi, desak bo‘ladi. Pull-off ham legatoning bir turi bo‘lib, baland (gitara qorniga yaqinroq) notadan past (gitara quloqlariga yaqinroq) notaga o‘tishda ishlatiladi.

Pull-off chalish qadamlari quyidagilardir:

  1. Birinchi notani kerakli pardada bosamiz.
  2. Tegishli torni o‘ng qo‘l bilan chertamiz.
  3. Birinchi notadan qo‘lni qo‘yib yubormay, undan pastroq notani (gitara dastasida quloqlarga yaqinroq pardani) bosamiz. (Yoki chalishdan oldin har ikki notani bir vaqtning o‘zida ikki panja bilan bosish mumkin.)
  4. Pastroq notani (gitara dastasida quloqlarga yaqinroq) ushlab turgan holda, birinchi, ya’ni balandroq (gitara qorniga yaqinroq) notani chalgan panja bilan o‘sha torni tez „cho‘zib“, qo‘yib yuboramiz. Ya’ni, ikkinchi notani o‘ng qo‘l bilan emas, balki birinchi notani ushlagan chap qo‘l panjasi bilan „chertamiz“.

4. Slide

Bir notadan ikkinchi notaga slide (inglizcha „sirg‘anmoq, toymoq“) yordamida ham o‘tsa bo‘ladi. Slide ham legatoning bir turidir. Uni chalish uchun avval kerakli notani chertamiz, so‘ngra pardani bosgan panjani tordan ko‘tarmasdan ikkinchi notaga siljitamiz. Ilk notadan ham yuqorida, ham pastda joylashgan notalarga slide qilish mumkin.

Slidelarning ikki turi bor: o‘tish slidelari va legato slidelar. Ularning farqi – o‘tish slide chalganda ikkinchi nota o‘ng qo‘l bilan chertiladi. Legato slidelar, ya’ni torni o‘ng qo‘l bilan bir marta chertib, chap qo‘lni siljitib ijro etiladigan slidelar ko‘proq uchraydi.

Nota yozuvida slide liga belgisiga qo‘shimcha ravishda ko‘tarilib yoki pastlab boruvchi diagonal chiziq bilan belgilanadi.

Slide chalish qadamlari quyidagilardir:

  1. Birinchi notani kerakli pardada bosamiz.
  2. Tegishni torni o‘ng qo‘l bilan chertamiz.
  3. Torni qo‘yib yubormasdan, panjani tegishli notaga siljitamiz.
  4. O‘tish slideini chalishni istasak, ikkinchi notaga sirg‘alib borganimizdan keyin, torni yana bir marta o‘ng qo‘l bilan chertamiz.

Sardor Rahimxon ijrosidagi „Do‘st/Drug“ ashulasi solosida slidelar uchraydi. Shuningdek, ashula solosida legatolar ham keng qo‘llanilgan.

5. Torni bo‘g‘ish

Torlarni bo‘g‘ish (inglizcha palm muting) elektrogitara ijrosida juda muhim o‘rin tutadi. Ammo ushbu uslubdan akustik gitara ijro etishda, jumladan, klassik gitara chalishda ham keng qo‘llaniladi. (Klassik gitara ijrosida ushbu texnika pizzicato deb nomlanadi.) Akkord chalayotganda ham, melodiya ijro etayotganda ham torlarni bo‘g‘ib, asarga dinamika va drama bag‘ishlash mumkin.

Torni bo‘g‘ish qadamlari quyidagilardir:

  1. O‘ng qo‘lning jimjiloq yaqinidagi yoni bilan chalinishi kerak torlarni xarak yaqinida bosamiz. 
  2. Chap qo‘lni tesgishli pardalarda ushalb, o‘ng qo‘l bilan bo‘g‘ilgan torlarni chertamiz.

Qo‘l cheti bilan torlarni yengil bosish kerak, chunki ayni qo‘l torlarni ijro eta oladigan darajada bo‘sh bo‘lishi kerak. Qolaversa, o‘ta qattiq bosish torlarning ovozini butunlay bo‘g‘adi.

Torlarni xarakka yaqinroq bo‘g‘ish ularning ovozi ko‘proqqa cho‘zilishini ta’minlaydi. Gitara dastasiga yaqinlashganingiz sari, torlar ovozi tobora ko‘proq bo‘g‘iladi. Nihoyat, chalayotganda torlarni bo‘g‘ayotgan qo‘l o‘rnidan siljib ketmasligiga e’tibor qaratish kerak.

Quyidagi videoda Davo guruhi ijrosidagi „Jon“ ashulasining kirish qismi va ilk kupletining birinchi yarimini torlarni bo‘g‘ib ijro etish ko‘rsatilgan.

6. Torni egish

Torlarni egish (inglizcha string bending) gitarada ijro etilgan asarni bezashning yana bir uslubidir. Tor egilganda, tovush balandligi o‘zgaradi. Uning qancha o‘zgarishi esa tor qay darajada egilishiga bog‘liq. Odatda torlarni egish yordamida tovush yarim yoki bir tonga o‘zgartiriladi.

Torni egish qadamlari quyidagilardir:

  1. Torni tegishli pardada bosamiz.
  2. Torni o‘ng qo‘l bilan chertamiz.
  3. Chap qo‘l panjasini ushlangan pardadan olmasdan, torni yuqoriga yoki pastga egamiz. Ya’ni, torni parda tayoqchasiga parallel yo‘nalishda siljitamiz.

Nota yozuvida torni egish egri chiziqli strelka bilan belgilanadi. Bundan tashqari, notani qay darajaga egish kerakligi ton miqdorida ko‘rsatiladi. Masalan, 1/2 soni torni yarim tonga egish kerakligini, 1 soni torni bir tonga egish kerakligini anglatadi va hokazo.

1/2 ton bir pardaga mos kelgani uchun, torni qay darajada (necha parda) egayotganingizni boshlang‘ich parda yonidagi pardalarni chalib ko‘rish orqali bilib olishingiz mumkin. Masalan, torni yarim tonga egish uchun avval tegishli pardada kerakli notani, so‘ngra uning yonidagi pardani chalib ko‘ring. Masalan, tor 5-pardada yarim tonga egilganida chiqadigan tovush balandligi ayni tor 6-pardada chalinganida chiqadigan tovush balandligiga teng bo‘lishi kerak. Torni muayyan pardada bir tonga egish uchun esa uning tovush balandligini birinchi pardadan ikki parda pastroq (gitara qorniga yaqinroq) joylashgan nota balandligiga tenglashtirish kerak.

7. Tremolo

Tremolo bir notani juda tez chertishdir. Gitarada ham mediator, ham barmoqlar bilan tremolo chalish mumkin. Mediator yordamida tremolo chalish uchun biror torni kerakli pardada bosib, mediatorni juda tez yuqoriga va pastga chertamiz. Nota yozuvida tremolo bir-birga parallel shtrixlar bilan ifodalanadi. 

Barmoqlar bilan tremolo chalish uchun esa torni tegishli pardada bosib, uni o‘ng qo‘lning nomsiz (anular), o‘rta (medio) va ko‘rsatkich (indice) barmoqlari bilan ketma-ket chertamiz. O‘ng qo‘lning nomsiz (anular), o‘rta (medio) va ko‘rsatkich (indice) barmoqlari bilan tremolo chertar ekansiz, bosh barmoq (pulgar) bilan bas torlarni chertish mumkin. 

Tremoloni boshida sekin chalishni o‘rganish kerak. Asta-asta chalish suratini oshirib borish tavsiya qilinadi.

Ulug‘bek Rahmatullayev ijrosidagi „Qirmizi olma/Yabloko lyubvi“ qo‘shig‘i solosida sodda tremolo chalingan. Shuningdek, soloda slidelar ham qo‘llanilgan.

8. Vibrato

Vibrato ham torni egishdan iborat. Ammo vibratoda torlar ozgina va tez suratda bir necha marta egiladi. Qolaversa, vibrato ijro etishdan maqsad nota balandligini o‘zgartirish emas, balki ayni notani bezab chalishdir.

Nota yozuvida vibrato to‘lqinli chiziq bilan belgilanadi. Vibratoni turli xil yo‘l bilan chalish mumkin. Quyida vibrato chalishning ikki keng tarqalgan turi bilan tanishishingiz mumkin.

Tayanch nuqta atrofida chalinadigan vibrato

Mazkur uslubda panjani uning asosi, ya’ni qo‘lga ulangan qismidagi qavariq joyi atrofida aylantiramiz. Tayanch nuqta atrofida vibrato chalish qadamlari quyidagilardir:

  1. Torni tegishli pardada bosamiz.
  2. Ayni torni o‘ng qo‘l bilan chertamiz.
  3. Pardani bosgan holda, panjani uning asosidagi yumaloq qismi atrofida yuqoriga va pastga yoki o‘ngga va chapga qimirlatamiz.

Tayanch nuqtali vibratoni birinchi torda ijro etish bir oz mushkul, chunki torni pastga tortganda dastadan chiqib ketishimiz mumkin. Qolaversa, torni pastga emas, yuqoriga ekkanda tayanch nuqta atrofida vibrato chalish mushkul bo‘ladi.

Yuqoriga intiluvchi vibrato

Yuqoriga intiluvchi vibrato chalishning ikki uslubi bor. Birinchisi gitara vazni hamda qo‘lning tirsakdan pastki qismi harakatiga tayanadi. Ikkinchi variant qo‘l mushaklari asosida vibrato chiqaradi.

Qo‘l vibratosi

Qo‘l vibratosini chalish qadamlari quyidagilardir:

  1. Chap qo‘l bosh panjasini gitara dastasi orqasining pastki qismida ushlaymiz.
  2. Tegishli pardani chap qo‘lning boshqa panjasi bilan bosamiz.
  3. Tegishli torni chertamiz.
  4. Notani ushlagan holda chap qo‘lning tirsakdan past qismini yuqoriga va pastga tez-tez harakatlantiramiz. Ayrim holatlarda bunday vibratoni chalishda gitara vaznidan foydalanish mumkin.

Dastani yuqoriga siqib chalinadigan vibrato

Yuqoriga siqish vibratosini chalish qadamlari quyidagilardir:

  1. Chap qo‘l bosh panjasini gitara dastasi orqasining yuqori qismida ushlaymiz.
  2. Tegishli pardani chap qo‘lning boshqa panjasi bilan bosamiz.
  3. Tegishli torni chertamiz.
  4. Chap qo‘l bilan gitara dastasini siqamiz va torni siqqan holda,uni yuqoriga va pastga siljitamiz. Bu torni tez suratda yuqoriga va pastga egishga o‘xshab ketadi.