1. Musiqa nazariyasi va nota yozuvi

Musiqa nazariyasi har qanday asbobni chalishni o‘rganishni ancha osonlashtiradi. Sodda qilib aytganda, musiqa nazariyasi musiqani anglashimizga ko‘maklashadigan g‘oyalar to‘plamidir. Musiqa nazariyasi nafaqat asarlarni o‘rganishingizni osonlashtiradi, balki improvizatsiya qilishga va musiqa bastalashga yo‘l ochib beradi.

Boshqa cholg‘ular kabi gitarani ham musiqa nazariyasi va nota yozuvini o‘zlashtirmasdan chalishni o‘rganish mumkin. Ammo o‘zini hurmat qilgan, asbobni chalishga jiddiy yondashadigan har qanday gitarachi hech bo‘lmasa musiqa nazariyasi asoslarini bilishi kerak. Oz sonli akkord va zarbni o‘rganib olib, asbobni chalishni o‘zlashtirdim, deb ayta olmaysiz.

Musiqa nazariyasi asoslarini o‘rganmagan shaxs yillar davomida gitara chalsa ham, mahoratli gitarachi bo‘lib yetisha olmasligi mumkin. Ikkinchi tomondan, asbobni uzoq yillar davomida chalgan shaxs o‘zi bilmagan holda asta-sekin musiqa nazariyasi asoslarini anglay boshlaydi. Ushbu sayt yordamida siz nota yozuvi va musiqa nazariyasi asoslarini ancha oson o‘zlashtirishingiz mumkin. Sayt sahifalarida nota yozuvi va musiqa nazariyasining gitara chalishni o‘rganishda qo‘l keladigan eng muhim jihatlari tushunish oson bo‘lgan tilda berilgan. Tabiiyki, bu mavzularni yanada chuqurroq o‘zlashtirishni istaganlar yetuk manbalardan foydalanishi mumkin.

Musiqa tovushlarining balandligi, cho‘zimi yoki uzunligi va boshqa xususiyatlarini ifodalovchi belgilar notalar deyiladi. Notalardan iborat yozuv esa nota yozuvi deyiladi. Musiqani nafaqat nota yozuvi, balki tabulatura bilan ham ifodalash mumkin. Tabulaturani o‘zlashtirish osonroq bo‘lib, aynan shuning uchun ham nota yozuvidan ko‘ra tabulatura yozuvi gitarachilar orasida kengroq tarqalgan. Shunday bo‘lsa-da, tabulaturaning bir kamchiligi bor – unda tovush cho‘zimi yoki uzunligi ko‘rsatilmaydi.

2. Notalar nomlari va alteratsiya belgilari

Nota yozuvining unikal jihati shundan iboratki, ushbu yozuv yordamida bir vaqtning o‘zida ham musiqa tovushlari balandligini, ham cho‘zimi, ya’ni uzunligini ifodalash mumkini. Nota yozuvining ushbu xususiyatlari haqida quyida batafsil ma’lumot berilgan.

Zamonaviy musiqa amaliyotiga asos qilib olingan musiqiy tizim muayyan balandlikka ega bo‘lgan va o‘zaro muayyan munosabatda bo‘lgan tovushilar qatoridan iboratdir. Tovushlarning o‘z balandligiga qarab joylashishi tovushqator, tovushlarning o‘zi esa bosqichlar yoki pog‘onalar deyiladi. Asosiy pog‘onalar hammamizga tanish bo‘lgan C – D – E – F – G – A – B (do – re – mi – fa – sol – lya – si) pog‘onalaridir.

Gitarachilar orasida pog‘ona va akkordlarning inglizcha (yoki, umuman olganda, g‘arbcha) nomlaridan foydalanish keng tarqalgan. O‘zbek tiliga pog‘onalarining nomlanishi rus tilidan kirib kelgan. O‘zbekcha va g‘arb davlatlarida ishlatiladigan pog‘ona nomlarining mutanosibligi quyidagichadir:

Do — C
Re — D
Mi — E
Fa — F
 Sol — G
Lya — A
Si — B
(ayrim manbalarda B orniga H ishlatilgan)

Gitara temperatsiyalangan cholg‘u asbobidir, ya’ni undagi har bir yonma-yon joylashgan parda o‘rtasida yarim ton farq bor. Yarim ton ikki tovush o‘rtasidagi eng yaqin oraliq bo‘lib, gitara dastasida ikki yonma-yon parda o‘rtasida yarim ton farq bor. Ikki yarim ton butun ton hosil qiladi. Hozirgi zamonaviy temperatsiyada 12 pog‘ona bor. Bular quyidagilardir: C – D – E – F – G – A – B (do – re – mi – fa – sol – lya – si) (fortepyano klaviaturasidagi oq klavishlar) hamda mustaqil nomga ega bo‘lmagan (fortepyanoning qora klavishlari) tovushlar.

Mustaqil nomi bo‘lmagan tovushlarga C (do) va D (re) o‘rtasidagi, D (re) va E (mi) o‘rtasidagi, F (fa) va G (sol) o‘rtasidagi, G (sol) va A (lya) o‘rtasidagi hamda A (lya) va B (si) o‘rtasidagi tovushlar kiradi. Ularni yonidagi nota nomi bilan nomlaymiz. Masalan, do va re o‘rtasidagi tovushni balandlatilgan do (do#, ya’ni do-diyez) yoki pastlatilgan re (re♭, ya’ni re-bemol) deb atash mumkin. C# (do-diyez) bilan D♭ (re-bemol) bir xil tovushga ega, ammo gammalar tuzilishidan kelib chiqib, ayrim holatlarda diyez, boshqa holatlarda bemol ishlatish to‘g‘ri bo‘ladi. Tovushlarni diyez bilan ko‘tarish yoki bemol bilan pastlatish alteratsiya deb ataladi.

Bеkar (♮) belgisi diyez va bеmol ta’sirini bekor qiladi. Nota belgilari o‘rniga harfiy belgilar ishlatilganda ruscha va o‘zbekcha manbalarda diyez va bemolning nemischa belgilanishini uchratish mumkin. Bu belgilashda diyez is, dubl-diyez (ikki marta yarim tonga ko‘tarish) isis, bemol es, dubl-bemol (ikki marta yarim tonga pastlatish) eses deb nomlanadi. Masalan, fis – F (fa) diyez, des – D (re) bemol, cisis – C (do) dubl-diyez, geses – G (sol) dubl-bemol va hokazo. Ammo E (mi) bemolni ees emas, balki es; A (lya) bemolni aes emas, balki as, va, nihoyat, B (si) bemolni hes emas, balki b o‘laroq yozish an’anaga aylangan.

3. Oktavalar

Musiqiy tovushlar baland-pastligiga ko‘ra oktavalarga bo‘linadi. Sodda qilib aytganda, oktava bir xil nomdagi tovushlar oralig‘idir. Aniqroq ta’rif beradigan bo‘lsak, oktava deb bir tovush chastotasi ikkinchi tovush chastotasidan ikki marta katta bo‘lgan intervalga aytiladi. Oktava intervali diatonik tovushlar qatorida sakkizta pog‘onani qamraydi. Masalan, bir oktava C (do) notasidan keyingi oktava C (do) notasigacha bo‘lgan masofa bir oktavadir.

Oktavalarni fortepiano klaviaturasi yordamida o‘rganish qulay, chunki klavishlar yordamida ularni solishtirish oson. Qolaversa, fortepiano diapazoni, ya’ni asbobdagi eng past va eng yuqori tovush oralig‘i katta bo‘lib, odatda unda to‘qqiz oktava notalari o‘rin olgan bo‘ladi.

Oktavalar

Yuqoridagi diagrammada ko‘rsatilganidek, to‘qqizta oktava mavjud bo‘lib, ular quyidagilardir: subkontr, kontr, katta, kichik, birinchi, ikkinchi, uchinchito‘rtinchi va beshinchi oktavalar. Ayni nota nomi istalgan oktavada ishlatilishi mumkin bo‘lgani uchun ularni bir-biridan farqlash uchun belgilash standartlari qabul qilingan. Ularning orasida eng keng tarqalgani ilmiy hamda nemis olimi Hermann von Helmholtz ishlab chiqqan belgilash standartlaridir. Avval Helmholtz belgilash tizimi bilan tanishib chiqsak. Helmholtzning original tizimida B o‘rniga H ishlatilgan. Inglizcha so‘zlashuvchi davlatlarda esa buning teskarisi ishlatiladi.

Oktava Diapazon C D E F G A B
1 Subkontr oktava - - - - - A2 B2
2 Kontr oktava C1 D1 E1 F1 G1 A1 B1
3 Katta oktava C D E F G A B
4 Kichik oktava c d e f g a b
5 Birinchi oktava c1 d1 e1 f1 g1 a1 b1
6 Ikkinchi oktava c2 d2 e2 f2 g2 a2 b2
7 Uchinchi oktava c3 d3 e3 f3 g3 a3 b3
8 To‘rtinchi oktava c4 d4 e4 f4 g4 a4 b4
9 Beshinchi oktava c5 - - - - - -

Quyida esa ilmiy belgilash tizimi bilan tanishishingiz mumkin:

Oktava Diapazon C D E F G A B
1 Subkontr oktava - - - - - A0 B0
2 Kontr oktava C1 D1 E1 F1 G1 A1 B1
3 Katta oktava C2 D2 E2 F2 G2 A2 B2
4 Kichik oktava C3 D3 E3 F3 G3 A3 B3
5 Birinchi oktava C4 D4 E4 F4 G4 A4 B4
6 Ikkinchi oktava C5 D5 E5 F5 G5 A5 B5
7 Uchinchi oktava C6 D6 E6 F6 G6 A6 B6
8 To‘rtinchi oktava C7 D7 E7 F7 G7 A7 B7
9 Beshinchi oktava C8 - - - - - -

4. Notalar cho‘zimi

Zamonaviy nota yozuvida tovushlarning nafaqat balandligi, balki cho‘zimi yoki uzunligi ham ifodalanadi. Tabiiyki, musiqa tovushlari turli xil uzunlikka ega bo‘lgani kabi, turli xil uzunlikka ega notalar bor. Eng uzun nota butun nota bo‘lib, u ichi bo‘yalmagan oval bilan belgilanadi. Yarim nota butun notaning yarmiga teng kelib, u o‘ng yoki chap tomoniga chiziqcha (shtil) chizilgan oval bilan belgilanadi. Chorak nota butun notaning 1/4 qismiga, ya’ni chorak qismiga teng bo‘lib, tayoqchalik va ichi bo‘yalgan oval bilan ifodalanadi. Nimchorak yoki sakkiztalik nota esa butun notaning 1/8 qismiga teng bo‘lib, chorak notaga o‘xshash belgi bilan belgilanadi, ammo unga bitta „bayroqcha“ qo‘shiladi. O‘n oltitalik nota ikkita, o‘ttiz ikkitalik nota esa uchta bayroqcha bilan chiziladi. Aksar holatlarda yonma-yon kelgan notalar bayroqchalari birlashtirilib, qalin chiziq o‘laroq belgilanadi.

Nota nomi Nota belgisi Pauza belgisi
1 Butun 𝅝 𝄻
2 Yarim 𝅗𝅥 𝄼
3 Chorak 𝅘𝅥 𝄽
4 Nimchorak 𝅘𝅥𝅮 𝄾
5 O‘n oltitalik 𝅘𝅥𝅯 𝄿
6 O‘ttiz ikkitalik 𝅘𝅥𝅰 𝅀

Nota cho‘zimlariga mos keluvchi pauzalar ham maxsus belgilar bilan ifodalanadi. Pauzalar musiqiy tovushlarni bir-biridan ajratish hamda kuyni bezash uchun qo‘llaniladi. Yuqoridagi jadvalda keng tarqalgan nota cho‘zimlari hamda ularga mos keluvchi, ya’ni o‘shanday cho‘zimdagi notalar keltirilgan.

Har bir cho‘zimning ikkita teng qismga bo‘linishi cho‘zimlarning asosiy bo‘linishi deyiladi. Masalan, butun nota ikkita yarimtalik notaga, yarimtalik nota ikkita chorak notaga teng keladi va hokazo. Bundan tashqari, sakkizta nimchorak notaning umumiy cho‘zimi butun notaga mos keladi; to‘rtta nimchorak nota bitta yarimtalik notaga teng va hokazo. Quyida cho‘zimlarning asosiy bo‘linishi aks etgan sxema keltirilgan.

Tovush cho‘zimlarini qo‘shimcha belgilar bilan uzaytirish mumkin. Masalan, nuqta belgisi tovushni yarim baravarga uzaytiradi. Misol uchun, butun nota belgisi yoniga nuqta qo‘yilsa, butun notaga yarim nota uzunligi qo‘shiladi. Boshqacha qilib aytganda, nuqtali butun nota 1,5 butun notaga tengdir. Ikki nuqta esa cho‘zimni yarim va yana chorak marta uzaytiradi. Pauzalar ham tovushlar kabi nuqta va boshqa belgilar yordamida uzaytirilishi mumkin. Quyidagi jadvalda tovush cho‘zimini uzaytirishga misollar keltirilgan.

Uzaytiruvchi belgi Vazifasi Misol
1 Nuqta Cho‘zimni yarim baravar uzaytirish
𝅝. = 𝅝 + 𝅗𝅥


𝅗𝅥. = 𝅗𝅥
+ 𝅘𝅥

𝅘𝅥. = 𝅘𝅥
+ 𝅘𝅥𝅮

𝅘𝅥𝅮. = 𝅘𝅥𝅮 + 𝅘𝅥𝅯

2 Qo‘sh nuqta Cho‘zimni yarim va yana chorak baravar uzaytirish
𝅝.. = 𝅝 + 𝅗𝅥 +
𝅘𝅥

𝅗𝅥.. = 𝅗𝅥
+ 𝅘𝅥 + 𝅘𝅥𝅮

𝅘𝅥.. = 𝅘𝅥
+ 𝅘𝅥𝅮 + 𝅘𝅥𝅯

𝅘𝅥𝅮.. = 𝅘𝅥𝅮 + 𝅘𝅥𝅯 + 𝅘𝅥𝅰

5. Nota yo‘li

Nota yo‘li ustma-ust chizilgan 5 ta parallel chiziqdan iborat bo‘lib, ayrim holatlarida nota yo‘lining ustiga yoki ostiga qo‘shimcha chiziqlar qo‘shiladi. Nota yo‘lidan pastda chizilgan qo‘shimcha chiziqlar nisbatan past, ustida chizilgan qo‘shimcha chiziqlar esa nisbatan baland tovushlarni belgilashda ishlatiladi. Nota chiziqlari tartib bilan pastdan yuqoriga qarab sanaladi. Yuqorida oktavalar bo‘limida yaqqol ko‘rsatilganidek, istalgan nota nota chizig‘idan qancha yuqori bo‘lsa, shuncha baland tovushga ega bo‘ladi. Masalan, 3-chiziqdagi nota 2-chiziqdagi notadan baland, ammo 4-chiziqdagi notadan past bo‘ladi. 

Nota yo‘li

Notalar nota yo‘lidagi chiziqlarning o‘zida yoki ular orasida yoziladi. Qaysi nota qayerda joylashganini vaqt o‘tishi bilan eslab qolasiz. Bu jarayonni tezlatish uchun turli mnemonik sxemalar o‘ylab topilgan. Masalan, inglizcha so‘zlashuvchi davlatlar orasida nota yo‘llari orasidagi chiziqlarda F (fa), A (lya), C (do) va E (mi) notalari joylashganini FACE, ya’ni inglizcha „yuz“ so‘zi bilan yodlab qolishni tavsiya qilishadi. Qolgan notalarni esa ushbu to‘rt notaga tayanib aniqlash mushkul emas.

Notalar

Shu o‘rinda kalitlar bilan tanishib chiqsak. Kalit bu – tovushlar nomlarini aniqlash maqsadida nota yo‘lining boshiga qo‘yiladigan belgidir. Birinchi oktava G (sol) tovushi o‘rnini ko‘rsatuvchi skripka kaliti hammaga tanish bo‘lib, musiqa ramziga aylangan. Turli xil kalitlar mavjud bo‘lib, ular orasida skripka kaliti hamda bas kaliti eng keng qo‘llaniladi. Skripka kaliti sol kaliti deb ham nomlanadi va nota yo‘lda 2-chiziqqa chiziladi. Bas kaliti esa 4-chiziqqa yoziladi. Quyida shu va boshqa kalitlar bilan tanishishingiz mumkin: 

Nota yo‘lini tik kesib o‘tgan vertikal chiziq takt chizig‘i deyiladi. Nota yo‘lida ikki yonma-yon chiziq o‘rtasidagi oraliq takt deyiladi. Takt bu musiqa asarining bir xil vaqt davom etadigan har bir bo‘lagidir. Quyida takt chizig‘ining keng tarqalgan turlari berilgan:

6. O‘lchov

Taktdagi zarblar soni o‘lchov deyiladi. Nota yozuvida o‘lchov nafaqat zarb soni, balki zarblar qaysi nota cho‘zimiga mos kelishini ham ifodalaydi. Odatda o‘lchov musiqa asari boshida, musiqa kaliti yonida kasr shaklida ko‘rsatiladi. O‘lchovlarning oddiy va murakkab turlari bo‘lib, ular orasida 4/4 o‘lchovi eng keng tarqalgan o‘lchov desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yerda maxraj har bir zarb qaysi notaga mos kelishini ko‘rsatadi. Masalan, 4 raqami chorak notaga mos keladi. Surat esa har bir taktda nechta shunaqa nota borligini anglatadi. 4/4 misoliga qaytadigan bo‘lsak, bunday o‘lchovda zarblar chorak notalardan iborat bo‘lib, har bit taktda to‘rtta chorak nota bo‘ladi. 3/4 o‘lchovi esa har bir zarb chorak notaga mos kelishini va har bir taktda 3 ta zarb borligini anglatadi va hokazo. Quyidagi jadvalda eng keng tarqalgan o‘lchov turlari bilan tanishishingiz mumkin.

Oddiy o‘lchovlar
O‘lchov
Odatda qo‘llanilishi
4/4 Zamonaviy g‘arb musiqasida eng keng qo‘llaniladigan o‘lchov. Rock, blues, country, funk va pop janrlarida eng ko‘p uchraydi.
2/2 Marsh va ildam orkestr musiqasida qo‘llaniladi, myuzikllarda ko‘p uchraydi.
2/4 Polka va galop raqslarida hamda marshlarda qo‘llaniladi.
3/4 Vals, menuet, skerso, polonez, mazurka raqslarida, country va western janrlaridagi balladalarda, R&B janrida, ba’zan pop musiqada uchraydi.
3/8 Yuqorida ko‘rsatilgan janrlarda uchraydi, 3/4 o‘lchamidan tezroq tempga egaligi bilan farq qiladi.
Murakkab o‘lchovlar
O‘lchov
Odatda qo‘llanilishi
6/8 Jiga, tarantella raqslarida, marshlarda, barkarola qo‘shiqlarida va ba’zan rock musiqada uchraydi.
9/8 Jiga raqslarida uchraydi; umuman olganda, keng qo‘llanilmaydi.
12/8 Sekinroq blues kuylarda va ayrim jiga raqslarida uchraydi; keyingi paytda rock musiqada uchray boshladi.

7. Metr va ritm

Har bir takt ichida hissalarning ayrimlari zarb bilan, ayrimlari esa kuchsizroq chalinadi. Zarb tushadigan hissa kuchli hissa, zarb tushmaydigan hissa esa kuchsiz hissa deyiladi. Musiqa davomida kuchli va kuchsiz hissalarning muayyan tartibda takrorlanishiga esa metr deyiladi.

Metrga juda yaqin, ammo pirovardida boshqa ma’noga ega tushuncha ritm tushunchasidir. Ritmni musiqada tovushlarning muayyan ritmik shakllar asosida almashinishi, deya ta’riflash mumkin. Sodda qilib aytganda, metr qaysi hissalar kuchli, qaysilari kuchsiz ekanligidan kelib chiqib, ashulaning umumiy xarakterini belgilaydi. Ritm esa turli cho‘zimga ega notalar guruhlaridir. Ritm konkret tushuncha bo‘lib, asarda notalar cho‘zimi orqali ifodalanadi. Metr esa abstrakt bo‘lib, nota yozuvida ko‘rsatilmasligi mumkin.

Keng ma’noda ritm biror jarayonning muayyan tartibda takrorlanishini anglatadi. Musiqada ritm katta ahamiyat kasb etadi. Ona qornidagi chaqaloq onasi yuragi urishi ritmini tinglaydi, miyamiz bir maromda takrorlanadigan tovushlarni yaxshi qabul qiladi. Aynan shuning uchun aksar pop musiqa miyamizda to‘g‘ri, jismoniy reaksiya keltirib chiqaradi: biz asar ritmiga oyog‘imizni tapillatgimiz, qarsak chalgimiz, yoki raqsga tushgimiz keladi.

Gitarada akkordlar yordamida ashula ijro qilganimizda gitara bir vaqtning o‘zida ikki vazifani bajaradi: o‘ng qo‘l bilan ijro etilgan zarb ashulaning ritmini belgilaydi, muayyan ketma-ketlikda chalingan akkordlar zinasi esa kuy melodiyasini ifodalaydi.

Shu o‘rinda temp tushunchasiga to‘xtalib o‘tsak. Temp musiqa asarini ijro etish suratini anglatadi. Tempni odatda vazmin, o‘rta va tez kabi guruhlarga bo‘lish mumkin. Klassik musiqada templarning italyancha nomlari qo‘llaniladi. Tabiiyki, ularni yodlash shart emas. Ashula tempini boshdan-oyoq o‘zgartirmay chalish uchun tajriba kerak. Shuning uchun ham boshlang‘ich o‘rganuvchilarga tempni belgilash va o‘lchash uchun qo‘llaniladigan maxsus asbob – metronom ishlatish tavsiya qilinadi. Bugungi kunda mobil moslamalar uchun metronomlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning ayrimlariga bo‘lgan havolalarni Foydali linklar sahifasida topasiz.

8. Intervallar

Ikki tovushning past-balandlik jihatidan o‘zaro nisbati interval deb ataladi. Ikki tovush past-balandligi o‘rtasidagi farqni turli talqin qilish mumkin:

  • Notalar o‘rtasidagi farq: masalan, C (do) notasi bilan D (re) notasi o‘rtasidagi farq.
  • Tonlar o‘rtasidagi farq: C (do) bilan D (re) o‘rtasida bir butun ton farq bor. C (do) bilan C# (do-diyez) yoki D♭ (re-bemol) o‘rtasida esa yarim ton farq bor.
  • Pardalar o‘rtasidagi farq: C (do) bilan D (re) o‘rtasida 2 parda farq bor. Masalan, standart sozlangan gitarada 2-torning 1- pardasi C (do), 3-pardasi esa D (re) dir.
  • Interval: C (do) bilan D (re) o‘rtasidagi masofani katta sekunda (inglizcha major second) intervali deb atash mumkin.

Musiqa nazariyasida interval nomlari yordamida notalar past-balandligi o‘rtasidagi farq ifodalanadi. Musiqachilar orasida universal atamalar qo‘llaniladi. Intervallarni mukammal o‘rganib olish akkord, gamma, improvizatsiya va boshqa tushunchalarni o‘zlashtirishda qo‘l keladi.

Birin-ketin eshitilgan ikki tovush oralig‘i melodik interval, bir vaqtda eshitilgan ikki tovush oralig‘i esa garmonik interval deb ataladi. Intervalning pastki tovushi uning asosi deb ataladi. Yuqori tovushi esa uning cho‘qqisi deyiladi.

Bir oktava oralig‘idan oshmaydigan intervallar oddiy intervallar deyiladi. 8 ta oddiy interval nomi mavjud bo‘lib, bu tovushqatordagi tovushlar soniga mos keladi. Bular quyidagilardir: 

prima – 1
sekunda – 2
tersiya – 3
kvarta – 4
kvinta – 5
seksta – 6
septima – 7
oktava – 8

Oralig‘i oktavadan katta bo‘lgan intervallar tarkibli intervallar deb nomlanadi. Ularni bilishingiz shart emas. Shunday bo‘lsa-da, ularning nomlarini yozib qoldiraman:
nona – 9
detsima – 10
undetsima – 11
duodetsima – 12
terdetsima – 13
kvartdetsima – 14
kvintdetsima – 15

Yuqoridagi interval nomlari katta (inglizcha major), kichik (inglizcha minor), orttirilgan (inglizcha augemented), kamaytirilgan (inglizcha diminished) va sof (inglizcha perfect) kabi turlarga bo‘linadi. Quyidagi jadvalda barcha interval turlari bilan tanishishingiz mumkin.

Interval nomi Qisqacha
belgisi
Inglizcha
nomi
Inglizcha
qisqartma
Tonlar miqdori Pardalar
orasidagi masofa
Audio
(avval melodik, keyin garmonik chalingan)
Sof prima (Unison) sof 1 Unison U 0 (ayni nota) 0
Kichik sekunda kich 2 Minor second m2 0,5 (yarim ton) 1
Katta sekunda kat 2 Major second M2 1 (butun ton) 2
Kichik tersiya kich 3 Minor third m3 1,5 (butun ton + yarim ton) 3
Katta tersiya kat 3 Major third M3 2 (butun ton + butun ton) 4
Sof kvarta sof 4 Perfect fourth P4 2,5 (2 butun ton + yarim ton) 5
Orttirilgan kvarta
Kamaytirilgan kvinta
(Triton)
ort 4
kam 5
tri
Augmented fourth
Diminished fifth
(Tritone)
A4
D5
(TT)
3 (3 butun ton) 6
Sof kvinta sof 5 Perfect fifth P5 3,5 (3 butun ton + yarim ton) 7
Kichik seksta kich 6 Minor sixth m6 4 (4 butun ton) 8
Katta seksta kat 6 Major sixth M6 4,5 (4 butun ton + yarim ron) 9
Kichik septima kich 7 Minor seventh m7 5 (5 butun ton) 10
Katta septima kat 7 Major seventh M7 5,5 (5 butun ton + yarim ton) 11
Sof oktava sof 8 Octave Oct 6 (6 butun ton – ayni nota nomi) 12

Shu o‘rinda intervallarning aylanishi tushunchasiga to‘xtalib o‘tsak. Interval asosining bir oktavaga ko‘tarilishi yoki interval cho‘qqisining bir oktava pastga tushirilishiga interval aylanishi deyiladi. Masalan, C (do) major gammasining katta tersiya (M3) intervalini olaylik. Bu interval C (do) va E (mi) notalaridan iborat: C – D – E – F – G – A – B – C (do – re – mi – fa – sol – lya – si – do). Agar C (do) ni olib, bir oktavaga ko‘tarsak, E (mi) kichik seksta (m6) intervali hosil bo‘ladi (C – D – E – F – G – A – B – C (do – re – mi – fa – sol – lya – si – do)). Bunga E (mi) minor gammasini yozish orqali amin bo‘lish mumkin: E – F# – G – A – B – C – D – E (mi – fa# – sol – lya – si do – re – mi). Yangi interval ham C (do) va E (mi) notalaridan iborat, ammo ularning ketma-ketligi va balandligi boshqa. Shu sabab bu ikki interval boshqa-boshqa tovushga ega. Quyidagi jadvalda barcha interval aylanalari keltirilgan.