1. Tonallik nima?
Bu sahifada tonallik tushunchasini ko‘rib chiqamiz. Tonallikni asar balandligi, deya ta’riflash mumkin. Xuddi notalar kabi 7 ta tonallik bor. Diyez (#) hamda bemol (♭) notalar bilan esa 12 ta tonallik bor.
Har qanday ashula biror tonallikda yozilgan. Qo‘shiq tonalligi odatda undagi oxirgi akkordga yoki notaga mos keladi. Odatda har bir asar asosiy nota bilan boshlanib, o‘sha nota bilan tugaydi, chunki asardagi boshqa notalar asosiy notaga „intiladi“.
Har bir tonallikning „asosiy“ tonik notasi va akkordi bo‘ladi. Uni tonika deb atashadi. Asardagi boshqa nota va akkordlar mazkur asosiy akkordga bo‘ysunadi. Shunday ekan, tonallikni bitta asosiy notaga bo‘ysunuvchi akkord va notalar birligi, deya ta’riflash mumkin.
Musiqa asari qaysi tonallikda ekanligini aniqlash uchun ishlatilgan gamma turini hamda tonikani aniqlash kerak. Masalan, gamma majorli bo‘lsa va uning tonikasi C (do) bo‘lsa, asarning tonalligi C (do) major bo‘ladi; gamma — minor, uning tonikasi — A (lya) bo‘lsa, izlangan tonallik A (lya) minordir.
Manbalarda major dur, minor moll deb nomlanganini uchratish mumkin. Bu shunchaki gammalarning nemischa nomlanishidir. Harfiy belgilash tizimida ko‘p holatlarda major tonalliklari katta harf bilan, minor tonalliklari esa kichik harf bilan yoziladi.
Har bir tonallikning asosiy akkordi tonallikning I pog‘onasidan iborat bo‘ladi. Asosiy akkord tonallikka o‘xshash bo‘ladi. Masalan, C (do) major tonalligining asosiy akkordi C (do) major akkordidir. C (do) major tonalligi asar major gammaning C (do) tovushidan, E (mi) minor tonalligi esa asar minor gammaning E (mi) tovushidan boshlanishini anglatadi.
Tonallik biror qo‘shiqda chalingan akkordlarni aniqlashni osonlashtiradi. Chunki har bir tonallikning unga „kiruvchi“ va „kirmaydigan“ akkordlari bo‘ladi. Qolaversa, tonallik turli asboblarni chaladigan musiqachilar bir-birini tushunishini osonlashtiradi. Masalan, gitarachi klavishli cholg‘u ijrochisiga C (do) major tonalligida I – V – vi – IV pog‘onalardagi akkordlarni chalamiz, desa, ijrochi C (do) major gammasining C – G – Am – F akkordlarini chalish kerakligini darrov tushunadi. Gammalar hamda ularga tegishli akkordlar ketma-ketliklari haqida mos ravishda Gammalar hamda Akkord zinalari sahifalarida batafsil ma’lumot berilgan.
2. Transpozitsiya
Musiqiy asar tonalligini o‘zgartirish transpozitsiya deb ataladi. Qo‘shiq tonalligini o‘zgartirish uning balandligini o‘zgartirishdir. Tonallikni yuqoriga yoki pastga o‘zgartirish mumkin. Tonallikni o‘zgartirish juda oson: buning uchun asardagi har bir notani bir xil qadam pastga yoki yuqoriga siljitish kerak.
Gitarada asar tonalligini o‘zgartirish juda oson. Buning uchun akkordlarni tegishli yo‘nalishda bir xil siljitish kerak. Tabiiyki, tonallik o‘zgarganda nafaqat akkordlar, balki melodiya va solo ham mos ravishda o‘zgartiriladi. Kapodastr esa akkord shaklini o‘zgartirmasdan asar tonalligini o‘zgartirish imkonini beradi.
Gitarada biror asarni muayyan tonallikda kuylash siz uchun mushkul bo‘lsa, uning balandligini o‘zingizga qulay bo‘lgan tonallikka o‘zgartirishingiz mumkin. Masalan, quyidagi videoda bir ashulaning uch xil tonallikdagi versiyasi haqida so‘z yuritiladi.
Asar davomida ham uning tonalligi o‘zgarishi mumkin. Asar yangi tonallikka o‘tib, o‘sha tonallikda yakunlansa, bu holat modulyatsiya deyiladi. Agar asar yangi tonallikka o‘tib, ammo dastlabki tonallikka qaytsa, bu holat og‘ishma deyiladi.
Hozirgi kunda ashula tonalligini osonlikcha o‘zgartirish imkonini beruvchi dastur va ilovalar yaratilgan. Ularning ayrimlariga bo‘lgan linklarni Foydali linklar sahifasida topasiz. Ammo shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, o‘zini hurmat qilgan har qanday sozanda mustaqil ravishda asar tonalligini o‘zgartira olishi kerak.
3. Parallel va nomdosh tonalliklar
Parallel tonalliklar
Har bir tonallikning o‘ziga parallel bo‘lgan tonalligi mavjud. Unda aynan shu notalar, lekin boshqa tonika bo‘ladi. Masalan, C (do major) tonalligining parallel tonalligi Am (lya minor) tonalligidir. Am (lya minor) uchun esa C (do major) parallel tonallik bo‘ladi. Parallel tonalliklarning muhim jihati – ularda alteratsiya belgilari (ya’ni, diyez va bemollar) soni bir xil bo‘ladi.
Nomdosh tonalliklar
Bir xil tonikaga ega tonalliklar nomdosh yoki „sherik“ tonalliklar deb ataladi. Masalan, A (lya major) hamda Am (lya minor) tonalliklarini nomdosh tonalliklar deb atash mumkin. Bir qo‘shiqda nomdosh tonalliklarning akkordlari ishlatilishi mumkin. Bunga Akkord zinalari sahifasida ko‘plab misol keltirilgan.
Shu o‘rinda aytish joizki, ingliz tilida parallel tonalliklar relative keys deb nomlanadi. Ingliz tilida parallel keys atamasi nomdosh tonalliklar uchun ishlatiladi. Ya’ni, inglizcha manbalarda C (do major) tonalligi hamda Am (lya minor) tonalligi relative tonalliklar bo‘lib, C (do major) tonalligi hamda Cm (do minor) tonalliklari parallel tonalliklardir.
Tonallik va gamma tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, tonallik asar balandligini, gamma esa o‘sha balandlikda chalish mumkin bo‘lgan muayyan nota va akkordlar to‘plamini anglatadi. Parallel gammalar va parallel tonallik hamda nomdosh gammalar va nomdosh tonallik haqida Gammalar sahifasida atroflicha ma’lumot berilgan.
Kvinta davrasi
Parallel tonalliklarni tonalliklarning kvinta davrasi (inglizcha circle of fifths) yordamida o‘rganish mumkin. Tonalliklarning kvinta bo‘yicha joylashuvi davrasi ikki vazifani bajaradi: unda parallel major va minor tonalliklarni hamda har bir major va minor tonallikdagi alteratsiya belgilari (diyez va bemol) sonini ko‘rib olish mumkin.
Major va minor tonalliklar ulardagi alteratsiya belgilari soni oshib borishi tartibida C (do major) dan o‘ng tomonga diyezli tonalliklar, chap tomonga – bеmolli tonalliklar tartibida terilsa, tonalliklarning kvinta bo‘yicha joylashishini hosil qilamiz. Masalan, C (do) dan G (sol) gacha masofa kvintaga (5 ta pog‘ona, ya’ni 3,5 ton) teng, G (sol) dan D (re) gacha masofa kvintaga teng va hokazo.
Quyidagi rasmda ushbu holat yaqqol ko‘rsatilgan. Rasmda parallel tonalliklarni ko‘rib olish mumkin: C (do major) tonalligi uchun Am (lya minor) tonalligi parallel tonallik, G (sol major uchun) e, ya’ni Em (mi minor) parallel tonallik va hokazo. Rasmda, shuningdek, har bir tonallikdagi alteratsiya belgilari soni ko‘rsatilgan: C (do major) va a, ya’ni Am (lya minor) tonalliklarida alteratsiya belgilari umuman yo‘q, G (sol major) va e, ya’ni Em (mi minor) tonalligida bitta diyez bor va hokazo.
4. Tonalliklar va akkord zinalari
Tonalliklar va ularga kiradigan akkordlarni bilish juda muhimdir. Tonallikka tegishli akkordlar gamma, ya’ni muayyan tovushlarning ketma-ket joylashuvi asosida aniqlanadi. Tonallik va gamma tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, tonallik asar balandligini, gamma esa o‘sha balandlikda chalish mumkin bo‘lgan muayyan nota va akkordlar to‘plamini anglatadi.
Tonalliklarga kiradigan asosiy akkordlar keltirilgan jadvallar tuzilgan. Ularni yodlash shart emas. Buning o‘rniga gammalar hamda gammalar asosida akkord ketma-ketliklarini tuzishni o‘rganish kerak. Bu mavzular mos ravishda Gammalar hamda Akkord zinalari sahifalarida atroflicha yoritilgan.