1. Gitara qismlari

Mana, xotin, ko‘rib qo‘y,
Manovni dutor deydi.
Manov bog‘ichni parda,
Manov ipni tor deydi.

Manov quloq, bu xarrak,
Ya’ni, eshak boladir.
Shaharlik uni bunday —
Bunday qilib chaladir

Erkin Vohidov
„Matmusaning dutori“

Bu bo‘limda gitara qismlari bilan tanishishib chiqamiz. Asbob qismlari nomlarini eslab qolishga harakat qiling. Bu boshqa sahifalardagi materiallarni o‘zlashtirishingizni osonlashtiradi.

Avval akustik gitara qismlarini ko‘rib chiqamiz.

Quyida esa elektrogitara qismlari bilan tanishishingiz mumkin.

2. Pardalarda tovushlarning joylashishi

Gitara odatda olti torli bo‘ladi. Biroq to‘rt, yetti, o‘n va o‘n ikki torli gitaralar ham mavjud. Ushbu saytda asosan olti torli gitara haqida so‘z yuritiladi. Gitara torlari po‘lat yoki neylondan tayyorlanadi. Gitara torlarining eng ingichkasini 1-, eng yo‘g‘onini 6-tor deb olish mumkin.

Gitara dastasidagi bo‘g‘inlar pardalar deb ataladi. Ko‘p hollarda gitara quloqlariga eng yaqin parda 1-parda deb olinadi. Standart klassik gitaralarda odatda 19 ta, elektrogitaralarda 21—24 ta parda bo‘ladi. Ammo 27 pardali gitaralar ham mavjud.

Gitara chalishni endi o‘rgana boshlaganingizda nota yozuvi va musiqa nazariyasini bilishingiz shart emas. Ammo gitara chalishga jiddiy yondashadigan har qanday odam nota yozuvi va musiqa nazariyasi asoslarini o‘zlashtirishi kerak. Sababi busiz hatto asbob pardalarini to‘liq ko‘rib chiqa olmaymiz. Nota yozuvi va musiqa nazariyasi sayt sahifalarida keng yoritilgan. Shunday bo‘lsa-da, asbob pardalarini ko‘rib chiqishimiz uchun zarur tushunchalarga bu yerda ham qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Gitarachilar orasida nota va akkordlarning inglizcha (yoki lotincha) nomlaridan foydalanish keng tarqalgan. O‘zbek tiliga notalarning nomlanishi rus tilidan kirib kelgan. O‘zbekcha va inglizcha notalar nomlarining mutanosibligi quyidagichadir:

Do — C
Re — D
Mi — E
Fa — F
Sol — G
Lya — A
Si — B
(ayrim manbalarda B orniga H ishlatilgan)

Gitara temperatsiyalangan cholg‘u asbobidir, ya’ni undagi har bir yonma-yon joylashgan parda o‘rtasida yarim ton farq bor. Hozirgi zamonaviy temperatsiyada 12 pog‘ona bor. Bular quyidagilardir: C – D – E – F – G – A – B (do – re – mi – fa – sol – lya – si) (fortepiano klaviaturasidagi oq klavishlar) hamda mustaqil nomga ega bo‘lmagan (fortepianoning qora klavishlari) tovushlar.

Mustaqil nomi bo‘lmagan tovushlarga C (do) va D (re) o‘rtasidagi, D (re) va E (mi) o‘rtasidagi, F (fa) va G (sol) o‘rtasidagi, G (sol) va A (lya) o‘rtasidagi hamda A (lya) va B (si) o‘rtasidagi tovushlar kiradi. Ularni yonidagi nota nomi bilan nomlaymiz. Masalan, do va re o‘rtasidagi tovushni balandlatilgan do (do#, ya’ni do-diyez) yoki pastlatilgan re (re♭, ya’ni re-bemol) deb atash mumkin. C# (do-diyez) bilan D♭ (re-bemol) bir xil tovushga ega, ammo gammalar tuzilishidan kelib chiqib, ayrim holatlarda diyez, boshqa holatlarda bemol ishlatish to‘g‘ri bo‘ladi.

Quyidagi diagrammada standart sozlangan gitara pardalarida notalarning joylashuvi berilgan. (♭ — bemol, # — diyez)

Mana bu diagrammada esa standart sozlangan 19 pardali gitara pardalarida notalarning joylashuvi hamda ushbu notalarning nota yozuvida belgilanishi keltirilgan.