1. Teoriya
Uch yoki undan oshiq tovushning birga chalinishi akkord deb ataladi. Akkordlarni chalishni o‘rganishdan avval ularning tuzilishi va ayrim musiqiy tushunchalarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Ikki tovushning past-balandlik jihatidan o‘zaro nisbati interval deb ataladi. Akkorddagi tovushlar odatda tersiyalardan iborat bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, akkord tovushlari o‘rtasidagi farq uch intervaldan iborat bo‘ladi. Nota yozuvi va teoriya sahifasida barcha interval turlari va ularning nomlanishi haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Har bir akkord undagi pastki tovushdan yuqori tovushga qarab tuziladi va shunday o‘qiladi. Akkordning asosi bo‘lgan tovush uning primasi deb ataladi. Prima ortidan akkordning tersiyasi (3-interval), keyin kvintasi (5-interval), keyin septimasi (7-interval) va nonasi (9-interval) keladi. Bu tovushlarni mos ravishda 1, 3, 5, 7 va 9 deb belgilaymiz. Qaysi interval qaysi notaga mos kelishi esa gammalarga bog‘liq. Bu haqida Gammalar sahifasida batafsil ma’lumot berilgan.
Bu sahifada barcha akkord turlari haqida ma’lumot berilgan. Eng keng tarqalgan akkord turlari major va minor akkordlardir. Qisqa aytib o‘tadigan bo‘lsam, major akkord odatda major gammasining 1-, 3- va 5-notalaridan tuziladi. Minor akkord esa, mos ravishda, minor gammasining 1-, 3- va 5-notalaridan tuziladi. Akkord zinalari sahifasida major gammasi asosida akkord tuzish hamda minor gammasi asosida akkord tuzish atroflicha yoritilgan.
Gammaning 1-, 3- va 5-notalaridan tuzilgan akkord uchtovushlik (inglizcha triad) deb ham ataladi. Uchtovushlik akkordining bir turi bo‘lib, unda gammaning 1-, 3- va 5-notalari ishlatiladi. Akkordda esa notalar uch yoki undan ko‘p bo‘ladi va ular gammaning 1-, 3- va 5-notalariga cheklanmaydi.
Major gammalari tuzilishidan kelib chiqqan holda, major akkord katta tersiya (2 ton) va kichik tersiyadan (1,5 ton) iborat bo‘ladi. Minor gammalari tuzilishidan kelib chiqqan holda, minor akkordlar kichik tersiya (1,5 ton) va katta tersiyadan (2 ton) iborat bo‘ladi. Major va minor akkordlar ohangiga to‘xtaladigan bo‘lsak, sodda qilib major akkordlarni „quvnoq“ akkordlar, minor akkordlarni esa „g‘amgin“ akkordlar deb atash mumkin, chunki major akkordlar odatda quvnoqroq, minor akkordlar esa g‘amginroq tovushga ega bo‘ladi.
Akkordning yana bir turi septakkord, ya’ni to‘rttovushlikdir. Tersiyalar asosida joylashgan to‘rtta tovushning bir vaqtda chalinishi septakkord deyiladi. Septakkordning ikki chetidagi tovushi oralig‘i septima intervalida bo‘lgani uchun ham septakkord deb nomlanadi. Amalda septakkordlar xilma-xil ko‘rinishlarda qo‘llaniladi. Quyida eng keng tarqalgan akkord turlari haqida so‘z yuritiladi.
2. Sizning ilk akkordingiz
Gitara akkordlarini jadval yoki to‘r shaklida ifodalash keng tarqalgan. Quyida eng oson akkordlardan biri bo‘lmish Am (lya minor) akkordi keltirilgan. Rasmda o‘ng tarafda 1-, ya’ni eng ingichka tor, chap tarafda esa 6-, ya’ni eng yo‘g‘on tor berilgan. Aylana ichidagi raqamlar torlarni qaysi barmoq bilan bosish kerakligini anglatadi.
Am (lya minor) akkordini chalish uchun 2-torni 1-pardada 1-barmoq bilan, 3-torni 2-pardada 3-barmoq bilan va 4-torni 2-pardada 2-barmoq bilan bosamiz. 1- va 5- torni ochiq chalamiz. Shuning uchun ularga mos keluvchi aylana ichida raqam yo‘q. Ochiq torlar odatda 0 raqami bilan ham belgilanadi. Oltinchi torni esa umuman chalmaymiz, shuning uchun tor ustida X yozilgan.
Chap qo‘lingiz bilan tegishli torlarni bosganingizdan keyin, o‘ng qo‘l bosh barmog‘i bilan 5-tordan boshlab har bir torni bir-birdan chertib ko‘ring. So‘ngra barchasini yuqoridan pastga cherting. Har bir tor jarangli ovoz chiqarishi kerak.
Akkord jarangli chiqishi uchun barmoqlaringiz bilan torlarni yetarlicha qattiq bosishingiz kerak. Bundan tashqari, barmoq gitara dastasiga 90 gradusda bo‘lishi, bosilayotgan torning yonidagi torlarga tegmasligi kerak. Aks holda, akkord bo‘g‘iladi. Bu boshida murakkab tuyilishi mumkin. Yetarlicha mashq qilganingizdan keyin, akkordni yaxshi chalishni o‘zlashtirib olasiz.
Shuningdek, torni bosganda panja xarak temiri yaqinida bo‘lishi kerak. Panjani temirdan o‘ta olis ushlash yoki uning ustida ushlash tavsiya qilinmaydi. Torni xarak temiri ustida bossangiz, uni ovozi bo‘g‘iladi. Qolaversa, bunday chalganda panja tez orada lat yeydi.
Chertayotib o‘ng qo‘lingizni bo‘sh qo‘ying. Barmoqlar torlarga salgina tegsa, bas. Aks holda, bir tordan ikkinchisiga o‘tish qiyin bo‘ladi. Tabriklayman, birinchi akkordingizni o‘rgandingiz!
3. Sizning ilk kuyingiz
Bir akkordni chalishni o‘rgandingiz. Endi yana to‘rt akkordni ko‘rib chiqamiz. Bular G (sol), Em (mi minor), C (do) hamda Dm (re minor) akkordlaridir. Ushbu akkordlarni o‘rganib chiqqaningizdan keyin, ilk kuyingizni ijro eta olasiz. Hozircha o‘ng qo‘l bilan torlarni oddiy qilib yuqoridan pastga qarab bir marta chalamiz, xolos. O‘ng qo‘l bilan chalish haqida alohida sahifada so‘z yuritiladi.
Quyida G (sol) akkordini chalish ko‘rsatilgan jadval berilgan:
G (sol) akkordini chalish uchun 1-torni 3-pardada 3-barmoq bilan, 5-torni 2-pardada 1-barmoq bilan, 6-torni esa 3-pardada 2-barmoq bilan bosamiz. Qolgan uch torni esa ochiq chalamiz.
Endi esa Em (mi minor) akkordini chalishni o‘rganamiz:
Em (mi minor) akkordini chalish uchun 4-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 5-torni ham 2-pardada 1-barmoq bilan bosamiz. Qolgan to‘rt torni ochiq chalamiz.
Ushbu uch akkordni Am, G, Em, Am ketma-ketligida chalsak, Bojalar guruhining „Eslama meni“ qo‘shig‘i kupletiga mos keladi. Ashula naqoratida esa C (do), G (sol), Dm (re minor), Am (lya minor) akkordlarini chalamiz. G (sol) va Am (lya minor) akkordlarini o‘rgandik, shuning uchun C (do) va Dm (re minor) akkordlarini ko‘rib chiqsak.
C (do) akkordini chalish uchun 2-torni 1-pardada 1-barmoq bilan, 4-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 5-torni esa 3-pardada 3-barmoq bilan bosamiz. 1- va 3-torlarni ochiq chalamiz. 6-torni esa umuman chalmaymiz.
Endi Dm (re minor) akkordini ko‘rib chiqsak:
Dm (re minor) akkordini chalish uchun 1-torni 1-pardada 1-barmoq bilan, 2-torni 3-pardada 3-barmoq bilan, 3-torni esa 2-pardada 2-barmoq bilan bosamiz. 4-torni ochiq chalamiz. 5 va 6-torlarni esa umuman chalmaymiz.
Quyidagi videoda „Eslama meni“ ashulasini Em (mi minor) va Am (lya minor) tonalliklarida chalish ko‘rsatilgan. Siz hozircha videoning Am (lya minor) tonalligi haqidagi qisminigina ko‘ring.
Boshida bir akkorddan ikkinchisiga o‘tishga qiynalasiz, barmoqlaringiz o‘rnini almashtirguningizcha ozgina vaqt o‘tadi. Bu normal hol. Vaqt o‘tishi bilan akkordlarni tez-tez almashtirishni o‘rganib olasiz.
4. Ochiq akkordlar
Quyidagi jadvalda yuqorida ko‘rsatilgan va boshqa keng tarqalgan ochiq, ya’ni ayrim notalari ochiq torlarda chalinadigan major va minor akkordlar berilgan:
|
|
|
|
|
|
|
|
5. Barre akkordlar
Yuqorida faqat ochiq akkordlarni ko‘rib chiqdik. Ularni chalish unchalik qiyin emas. Lekin yopiq, ya’ni bir necha yoki barcha tor biror pardada bosilgan akkordlar juda keng qo‘llaniladi. Bu akkordlar barre akkordlar deb ham ataladi. Ularni chalish nisbatan mushkuldir. Yopiq akkordlarda odatda ko‘rsatkich barmoq tegishli pardada bir necha yoki barcha torni bosadi. Qolgan barmoqlar bilan akkordning boshqa notalari bosiladi.
Keling, F (fa) barre akkordini ko‘rib chiqsak. U quyidagi ko‘rinishga ega:
F (fa) yopiq akkordini chalish uchun 1-barmoq bilan barcha torni 1-pardada bosamiz. 3-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 4-torni 3-pardada 4-barmoq bilan, 5-torni esa 3-pardada 3-barmoq bilan bosamiz.
Ko‘rsatkich barmoq barcha torni yetarlicha qattiq bosishi kerak. Har bir torni bir-birdan chertib ko‘ring. Har bir tor bo‘g‘ilmay, jarangdor ovoz chiqarishi kerak. Biror tor bo‘g‘ilayotgan bo‘lsa, tegishli torni qattiqroq bosing.
Barre akkordlarni chalish chap qo‘l uchun ancha mushkul. Faqat yetarlicha mashq qilsangizgina bunday akkordlarni chalishni o‘rganib olasiz. O‘rganishingiz uchun bir necha hafta kerak bo‘lishi mumkin. Asosiysi, umidsizlanib, gitarani uloqtirmang!
6. Primasi 6-torda bo‘lgan major akkordlar
Chap qo‘lingiz bilan F (fa) akkordini ushlaganingizdan keyin, barmoqlar shaklini o‘zgartirmay qo‘lingizni 1 parda pastga, ya’ni gitara qorni tomon siljitsangiz, F# (fa-diyez) akkordini ushlagan bo‘lasiz.
Quyida yonma-yon keltirilgan F (fa) va F# (fa-diyez) akkordlarini solishtiring:
|
|
Chap qo‘l shaklini o‘zgartirmay yana bir parda qorin tomon siljisak, G (sol) akkordini ushlagan bo‘lamiz. Yopiq G (sol) akkordi bilan yuqorida berilgan ochiq G (sol) akkordi ovozi bir xil chiqadi. G (sol) akkordini ham ochiq, ham yopiq chalib ko‘rib, bunga o‘zingiz amin bo‘lishingiz mumkin.
Shu o‘rinda bir qoidani kuzatish mumkin: yuqorida ko‘rsatilgan akkord shaklini gitaraning istalgan pardasida ushlashimiz mumkin. Chalgan akkordimiz 6-pardada bosgan notamizga mos keladi, chunki aynan shu nota akkordning primasidir. Masalan, 6-torning 1-pardasi F (fa) notasi bo‘lgani uchun, 1-pardada yuqoridagi shakl bilan chalgan akkordimiz F (fa) akkordi bo‘ladi. 6-torni 2-pardasi F# (fa-diyez) bo‘lgani uchun, 2-pardada yuqoridagi shakl bilan chalgan akkordimiz F# (fa-diyez) akkordi bo‘ladi va hokazo. Quyida F (fa) akkordi panja raqamlari o‘rniga notalar bilan keltirilgan:
7. Primasi 6-torda bo‘lgan minor akkordlar
Primasi 6-torda bo‘lgan major akkordlardan minor akkord tuzish juda oson: buning uchun akkord tersiyasini yarim tonga pastlatamiz. Oddiy qilib aytganda, 3-tordan 2-panjamizni ko‘taramiz. Quyida Fm (fa minor) akkordi berilgan:
Major akkordlar kabi, minor akkordlarni chap qo‘l shaklini o‘zgartirmay, istalgan pardada chalsak bo‘ladi. Masalan, quyidagi Fm (fa minor) va F#m (fa-diyez minor) akkordlarini solishtiring.
|
|
Bu yerda ham akkord nomi o‘z primasi, ya’ni 6-tordagi notasiga mos keladi. Quyida Fm (fa minor) akkordi panja raqamlari o‘rniga notalar bilan keltirilgan.
Shu o‘rinda F (fa) va Fm (fa minor) akkordlari primasi bir xil ekanligini ko‘rib turibmiz. Yuqorida aytib o‘tilganidek, akkordning major yoki minorligini uning primasi emas, balki tersiyasi belgilaydi.
8. Primasi 5-torda bo‘lgan major akkordlar
Primasi 5-torda joylashgan akkordlar ham juda oson. Quyida primasi 5-torda bo‘lgan A# (lya-diyez) major akkordi berilgan:
A# (lya-diyez) akkordini chalish uchun 1-barmoq bilan 1–5-torlarni 1-pardada bosamiz. 4-torni 3-pardada 2-barmoq bilan, 3-torni 3-pardada 3-barmoq bilan, 2-torni esa 3-pardada 4-barmoq bilan bosamiz.
Bu yerda ham chap qo‘l shaklini o‘zgartirmay, istalgan pardada akkord chalsak bo‘ladi. Masalan, quyidagi A# (lya-diyez) va B (si) akkordlarini solishtiring:
|
|
Bu yerda ham akkord nomi o‘z primasi, ya’ni 5-tordagi notasiga mos keladi. Masalan, A# (lya diyez) akkordining primasi A# (lya-diyez) notasidir:
9. Primasi 5-torda bo‘lgan minor akkordlar
Primasi 5-torda bo‘lgan major akkordlarni minor akkordga aylantirish ham oson: buning uchun akkord tersiyasini yarim tonga pastlatamiz. Oddiy qilib aytganda, 2-torda chalingan notamizni yarim ton (bir parda) gitara dastasiga qarata siljitamiz. Ammo panjalarimiz o‘rnini ham bir oz almashtirishga to‘g‘ri keladi. Buni quyidagi A#m (lya-diyez minor) akkordida yaqqol ko‘rishingiz mumkin:
Major akkordlar kabi, minor akkordlarni chap qo‘l shaklini o‘zgartirmay, istalgan pardada chalsak bo‘ladi. Bu yerda ham akkord nomi o‘z primasi, ya’ni 5-tordagi notasiga mos keladi. Masalan, quyidagi A#m (lya-diyez minor) va Bm (si minor) akkordlarini solishtiring:
|
|
10. Septakkordlar
Oddiy major va minor akkordlardan boshqa akkord turi ko‘p. Ular orasida septakkordlar nisbatan ko‘proq uchraydi. Septakkordlarning uch turi keng tarqalgan: major septakkordlar (maj7 yoki M7; masalan, Cmaj7 yoki CM7), minor septakkordlar (min7 yoki m7; masalan, Cmin7 yoki Cm7) va dominantseptakkordlar (akkord nomiga 7 soni qo‘shiladi; masalan, C7). Bu akkordlar deyarli barcha musiqa janrlarida uchraydi.
Qisqacha aytib o‘tadigan bo‘lsam, major septakkord hosil qilish uchun oddiy major uchtovushlikka katta septima (tegishli major gammasining 7-pog‘onasi) qo‘shiladi. Ya’ni, major septakkordlar major gammasining 1-, 3-, 5- va 7-pog‘onalaridan iborat bo‘ladi. Masalan, oddiy C (do) major akkordi C (do), E (mi), G (sol) notalaridan iborat bo‘lib, undan CM7 (do major 7) septakkordini hosil qilish uchun B (si) notasini qo‘shamiz. Ya’ni, CM7 akkordi C, E, G, B notalaridan iboratdir.
Minor septakkord esa oddiy minor uchtovushlikka kichik septima (tegishli minor gammasining 7-pog‘onasi) qo‘shib tuziladi. Ya’ni, minor septakkordlar tegishli gammaning 1-, 3-, 5- va 7-pog‘onalaridan iborat bo‘ladi. Masalan, C (do) minor akkordi C (do), E♭ (mi-bemol), G (sol) notalaridan iborat bo‘lib, undan Cm7 (do minor 7) septakkordini hosil qilish uchun B♭ (si bemol) notasini qo‘shamiz. Ya’ni, Cm7 akkordi C, E♭, G, B♭ notalaridan iboratdir.
Nihoyat, dominantseptakkord major septakkordga juda o‘xshash bo‘lib, faqat bitta notaga farq qiladi. Xususan, major septakkordni dominantseptakkordga aylantirish uchun qo‘shilgan notani yarim pog‘onaga pastlatish kerak. Masalan, C7 (do 7) dominantseptakkordi C, E, G, B♭ notalaridan iborat. Ko‘rib turganingizdek, dominantseptakkordlarni major va minor septakkordlar qorishmasi, deya ta’riflash mumkin.
Quyidagi jadvalda major, minor, major septa-, minor septa- hamda dominantseptakkordlarning eng keng tarqalgan variantlari bilan tanishishingiz mumkin.
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
|
Jadvalda faqat # (diyez) akkordlar ko‘rsatilgan, ammo yuqorida aytib o‘tilgandek, mutanosib diyez va bemollar bir xil tovushga ega. Masalan, A# (lya diyez) akkordi B (si bemol) akkordi bilan bir xil tovushga ega. Ularning farqi haqida gammalar sahifasida ma’lumot berilgan.
Bundan tashqari, minor-major septakkordlar ham mavjud. Ular mM7, mMaj7, minor/major 7, mmaj7 yoki m(maj7) o‘laroq belgilanadi. Bunday akkordlar minor septakkordlardan (m7) faqat bitta notaga farq qiladi. Xususan, ularda minor 7-interval o‘rniga major 7-interval bo‘ladi. Shuning uchun istalgan m7 akkordni olib, 7-notani bir pardaga ko‘tarsangiz, mM7 akkordi hosil bo‘ladi. Quyida Am7 va AmM7 akkordlarini yonma-yon ko‘rishingiz mumkin.
|
|
Shuningdek, mM7 akkordlarni melodik minor gammasining 1-, 3-, 5- va 7-notalarini chalganda hosil bo‘ladigan akkord, deya ta’riflash ham mumkin. Bolalar guruhining „Xafa qilma meni“ ashulasida mM7 akkordi uchraydi. Xususan, ashulaning kupleti va naqoratida AmM7 akkordi chalingan.
Septakkordlardagi ayrim notalar o‘zgartirilib, ularning nomlariga qo‘shimcha notalar ko‘rsatilishi mumkin. Masalan, Am7 (lya minor septakkordi) primasi, ya’ni bas notasi A (lya) dan D (re) ga o‘zgartirilsa, Am7/D minor septakkordi hosil bo‘ladi. Bu akkord Bolalar guruhining „Eski shahar“ ashulasida uchraydi. Ashulada, shuningdek, yuqoridagi jadvalda berilgan D7 (re dominantseptakkordi) ning 5-pardada ushlangan varianti ham qo‘llanilgan. Nega aynan 5-pardada? Chunki Am7/D minor septakkordi ham 5-pardada chalingan va ushbu variant 5-pardada chalingan D7 (re dominantseptakkordi) ga shaklan juda o‘xshashdir:
|
|
11. Pauer-akkordlar
Pauer-akkordlar (inglizcha power chord) yoki kvintakkordlar haqida ham ikki og‘iz so‘z aytsam. Asosiy tondan (ya’ni, primadan) va kvintadan iborat akkordga pauer-akkord deymiz. Pauer-akkordlar eng ko‘p elektrogitara chalishda „overdrive“ yoki „distortion“ effektlari bilan qo‘llaniladi. Bunday akkordlar asosan rock musiqada uchraydi. Pauer-akkordlar musiqaga kuchli va shiddatli tovush beradi. Shuning uchun ham ular inglizcha power chord (power — kuch, quvvat va chord — akkord) deb nomlanadi.
Pauer-akkord tuzishning ikki asosiy usuli bor: ikki nota bo‘yicha (asosiy va kvinta tonlar bo‘yicha) va uch nota bo‘yicha (asosiy ton, kvinta ton va bir oktava yuqori asosiy ton bo‘yicha). Ikki notadan tuzilgan pauer-akkord klassik musiqada akkord emas, balki interval hisoblanishiga qaramasdan, bu atama rock musiqachilar va gitarachilar orasida keng tarqalgan.
Pauer-akkordlar tersiyasiz akkordlarga kiradi va 5 raqami bilan belgilanadi. Masalan, C5 (do 5), D5 (re 5) va hokazo. Quyida C5 (do 5) akkordi berilgan. Yuqorida yozilgandek, ushbu akkord faqat uch notadan: asosiy ton — C (do), kvinta — G (sol) va bir ton ko‘tarilgan asosiy ton — C (do) dan iborat.
Pauer-akkordlarda tersiya toni yo‘q. Shuning uchun ular major ham, minor ham emas. Pauer-akkordlarni ham major, ham minor akkompanementda ishlatish mumkin bo‘lgani uchun ularni ba’zan „universal akkordlar“ deb atashadi.
Quyidagi videoda Davron G‘oipov va Original guruhining „To‘xta, to‘xta, shoshmagin“ ashulasini pauer-akkordlar bilan ijro etish ko‘rsatilgan:
12. Boshqa akkord turlari
Yuqorida tilga olingan akkordlarda boshqa akkordlari ko‘p. Sekstakkordlar nomida 6 raqami bo‘lib, major sekstakkordlar (maj6 yoki M6; masalan, Cmaj6 yoki CM6) major gammasining 1-, 3-, 5- va 6-pog‘onalaridan, minor sekstakkordlar (min6 yoki m6; masalan, Cmin6 yoki Cm6) esa minor gammasining 1-, 3-, 5- va 6-pog‘onalaridan tuziladi.
Yana bir keng tarqalgan akkord turi sus, xususan, sus2 va sus4 akkordlaridir. Bu yerda sus inglizcha suspended so‘zidan olingan bo‘lib, „kechiktirilgan, cho‘zilgan“ degan ma’noga ega. Sus2 akkordlar major gammasining primasi, 2- va 5-notalaridan tuziladi. Boshqacha qilib aytganda, sus4 akkordlarda gammaning 3-notasi o‘rniga 2-notasi keladi (musiqachilar tilida aytadigan bo‘lsak, tersiya o‘rniga sekunda keladi).
Sus4 akkordlarda esa, anglab yetganingizdek, major gammasining 1-, 4- va 5-notalari keladi. Ya’ni, sus4 akkordida gammaning 3-notasi o‘rniga 4-notasi keladi (musiqachilar tilida aytadigan bo‘lsak, tersiya o‘rniga kvinta keladi). Akkordning major yoki minor ekanligini gammaning 3-notasi belgilagani uchun, bunday notaga ega bo‘lmagan sus2 va sus4 akkordlar na major, na minordir.
Kamaytirilgan yoki dim (inglizcha diminished – kamaytirilgan, kichraytirilgan) akkordlar ham keng tarqalgan. Bunday akkordlar quyidagi formula bo‘yicha tuziladi: 1-♭3-♭5. Boshqacha qilib aytganda, kamaytirilgan akkordlarda gammaning 1-, yarim ton pastlatilgan 3- hamda yarim ton pastlatilgan 5-notasi keladi. Kamaytirilgan septakkordlar esa 1-♭3-♭5-♭♭7 formulasi asosida tuziladi. Bunday akkordlardan faqat o‘tuvchi akkord sifatida foydalaniladi. Kamaytirilgan akkordlar jazz qo‘shiqlarda keng qo‘llaniladi.
Orttirilgan yoki aug (inglizcha augmented – orttirilgan, kattalashtirilgan) yoki +5 akkordning kvintasi yarim tonga ko‘tarilganini, -5 esa yarim tonga pastlatilganini bildiradi.
Add9 (inglizcha add – qo‘shmoq) belgisi akkordga nona (bir oktavadan keyingi sekunda, ya’ni 9-pog‘ona) qo‘shilganini anglatadi. Nihoyat, add11 belgisi esa akkordga gammaning 11-pog‘onasi qo‘shilganini bildiradi.
Lolaning „Netayin?“ ashulasida yuqorida tilga olingan akkord turlarining aksari uchraydi. Xususan, bular Fsus4, A#sus4, Adim, F#7Madd11+, G#6, Cm/5-, F#6 akkordlaridir.
Vaqt o‘tishi bilan keng qo‘llaniladigan akkordlarni yodlab olasiz. Ungacha istalgan akkordni istalgan variantda ko‘rib olishingiz mumkin bo‘lgan saytlardan yoki Android va iOS operatsion tizimlarida ishlaydigan qurilmalar uchun yaratilgan dasturlardan foydalanishingiz mumkin. Foydali linklar sahifasida bunday sayt va dasturlarga linklarni topasiz.