1. Gitara turlari
Ushbu sahifada gitara xarid qilish borasida foydali maslahatlar berilgan. Avval gitara turlari bilan tanishib chiqsak. Asbobning ikki asosiy turi mavjud: akustik gitara hamda elektrogitara. Mazkur sayt asosan akustik gitara chalishni o‘zlashtirishga bag‘ishlangan. Shunday bo‘lsa-da, akustik gitara chalishni o‘rgangan odam elektrogitarani osonlikcha chala oladi.
Akustik gitaralarning turli xillari mavjud. Neylon torli ispan yoki klassik gitaralar asosan barmoqlar bilan chertiladi. Bunday gitaralarning ovozi po‘lat torli gitaralarning ovozidek jarangdor bo‘lmaydi.

Po‘lat torli gitaralarni drednout (inglizcha dreadnought so‘zidan olingan) yoki katta gitaralar, o‘rtacha kattalikdagi gitaralar hamda kichik gitaralar turlariga bo‘lish mumkin.
Drednout gitaralari XX asrning ilk o‘n yilliklarida ishlab chiqarilgan ulkan harbiy kemalar nomi bilan ataladi, chunki bu gitaralarning qorni juda katta bo‘ladi.

O‘rtacha kattalikdagi gitaralar esa eng keng tarqalgan gitara turidir. Bunday gitaralardan turli xil maqsadlarda foydalanish mumkin. O‘rtacha kattalikdagi gitara bilan sahnaga chiqsangiz ham, uni sayrga chiqqanda o‘zingiz bilan olib borsangiz ham bo‘ladi.
Kichik gitaralar asosan boshlang‘ich o‘rganuvchilar uchun qo‘l keladi. Markaziy Osiyoda Xitoyda ishlab chiqarilgan kichik gitaralarni osonlikcha topish mumkin. Xitoyda tayyorlangan gitaralarning ayrimlari yaxshigina bo‘lsa-da, ko‘p hollarda ular sifatsiz bo‘ladi.
Ayrim gitaralarga tovush olgich yoki mikrofon o‘rnatilgan bo‘ladi. Ularni tovush kuchaytirgichlarga ulash mumkin. Bunday gitaralar sahnada ijro etishda qo‘l keladi.
Ayrim gitaralarga ekvalayzer, ya’ni torlar chiqargan tovushlarning chastotasini boshqarish imkonini beruvchi moslama o‘rnatilgan bo‘ladi. Ekvalayzer yordamida xohlasangiz bas torlarning, xohlasangiz ingichka torlarning tovushiga urg‘u berishingiz mumkin.
Ba’zi gitaralarga esa sozlagich o‘rnatilgan bo‘ladi. Bu moslama yordamida asbobni osonlikcha sozlash mumkin. Tabiiyki, tovush olgich, ekvalayzer va sozlagich o‘rnatilgan gitaralar odatda ancha qimmat turadi, ayniqsa sifatlilari.
2.
Akustik gitara xarid qilish
Gitara xarid qilayotganda nimalarga e’tibor berish kerak? Gitara olayotganda iloji bo‘lsa gitara chalishni bilgan tanishingiz hamda sotuvchi bilan maslahatlashing. Mustaqil xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, quyida berilgan maslahatlarga amal qilishga harakat qiling.
Gitara olar ekansiz, asosiysi asbobni ushlab, chalib ko‘ring. Sizga uning shakli, tuzilishi, ovozi ma’qul kelsagina oling. Asbobni siz chalasiz, shuning uchun avvalo u sizga yoqishi kerak. Iloji bo‘lsa stulga o‘tirib, torlarini ochiq, ya’ni pardalarni bosmasdan birma-bir chalib ko‘ring. Yaxshi gitara torlarini chertganingizda ularning ovozi bir xil balandlikda bo‘ladi, torlar zirillagan tovush chiqarmaydi.
So‘ngra gitaraning torlarini turli pardalarda chalib ko‘ring. Gitara sifatsiz bo‘lsa, ayrim torlarni gitara quloqlariga yaqin pardalarda bosganingizda chalinayotgan tor gitara qorniga yaqinroq joylashgan metall parda bo‘luvchilarga tegib qoladi va tovush bo‘g‘iladi. Gitaraning dastasi gradusini egish mumkin bo‘lsa, bu muammoni hal qilish mumkin. Ammo asbobning dastasi qorniga yelimlangan bo‘lsa va dasta gradusini o‘zgartirish imkonini beruvchi bolt bo‘lmasa, bu muammoga yechim topish mushkul bo‘ladi.
Gitara dastasi gradusini o‘zgartirib bo‘lmaydigan ayrim gitaralarda torlar bilan dasta orasidagi masofa juda katta bo‘ladi. Bu esa chalishni ancha mushkullashtiradi. Shuning uchun iloji bo‘lsa dastasi gradusini o‘zgartirsa bo‘ladigan gitara oling. Dastasi qorniga yelimlangan gitara oladigan bo‘lsangiz, torlari va dastasi orasidagi masofa uncha katta bo‘lmaganini tanlang.
Shuningdek, gitaraning quloqlariga e’tibor bering. Sifatli gitara quloqlari torni qattiq tortganda ham kutilmaganda bo‘shab ketmaydi. Bundan tashqari, sifatsiz gitaralarning quloqlari oddiy ijro davomida ham bo‘shab qolishi mumkin. Qolaversa, quloqlar zanglab qolmagan yoki ularning rangi o‘chib ketmagan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, asbobning qornini ko‘zdan kechiring. Qorin xarak oldida torlar tarangligi tufayli ozgina ko‘tarilib qolgan bo‘lishi mumkin. Bu normal holat. Ammo qorin haddan tashqari qappayib qolgan bo‘lsa, bunday asbobni xarid qilmang.
Gitaralar turli materiallardan, masalan, yog‘och yoki plastmassadan tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Yog‘ochdan yasalgan gitaralar odatda sifatli va shunga yarasha qimmat bo‘ladi. Ammo plastmassadan tayyorlangan yaxshi gitaralar ham uchrab turadi.
3. Elektrogitara xarid qilish
Bu saytda asosan akustik gitara chalish sirlari haqida so‘z yuritiladi. Elektrogitara haqida esa oz ma’lumot berilgan. Ammo bu muammo emas, chunki akustik gitara bilan elektrogitara o‘rtasida uncha katta farq yo‘q. Akustik gitara chalishni o‘rgangan odam elektrogitara chalishni nisbatan oson o‘zlashtiradi.
Akustik gitara tovushni qorni yordamida balandlatib beradi. Shuning uchun uning ovozini oddiy sharoitlarda kuchaytirish shart emas. Ammo elektrogitarani chalish uchun tovush kuchaytirgich kerak bo‘ladi. Elektrogitaralar tovush olgichlar orqali metall torlarning tebranishini elektr audio signallarga aylantiradi. Bu signallar radiokarnaylar yordamida eshittiriladi. Ammo elektrogitaradan chiqqan signal radiokarnayga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulash uchun juda kuchsiz bo‘lgani tufayli bu signal radiokarnayga berilishidan avval kuchaytiriladi.
Elektrogitaraning yaxshi jihatlari ko‘p. Zamonaviy elektrogitaralar minglab ovoz chiqara oladi. Elektrogitaradan chiqqan signal elektron signal bo‘lgani uchun uni osonlik bilan elektron sxemalar yordamida turli xil qilib o‘zgartirish mumkin. Shu sabab elektrogitaralar yordamida sokin ohanglarni ham, atrof-muhitni larzaga soladigan kuchli musiqalarni ham ijro etish mumkin.
Elektrogitaraning juda ham ko‘p turi bor. Masalan, asbobning qattiq qorinli, yarim akustik, elektroakustik turlari mavjud. Elektrogitara torlarining soni ham har xil bo‘ladi. Hatto bitta torli gitaralar mavjud. To‘rt, yetti, sakkiz, to‘qqiz, o‘n, o‘n ikki torli turlari ham bor. Ikkita dastali elektrogitaralar ham keng tarqalgan.
Elektrogitara xarid qilishni istasangiz, gitara chalishdan xabari bor tanishlaringiz hamda sotuvchi bilan maslahatlashing. Elektrogitaralar odatda og‘ir bo‘ladi. Siz tanlagan gitara o‘ta og‘ir bo‘lsa kichikroq, yengilrog‘ini izlang. Elektrogitara xarid qilayotib albatta uni tovush kuchaytirgichga ulab, tekshirib ko‘ring. Ulaganingizdan keyin, turli effektlarini ishlatib ko‘ring.
Boshlang‘ich gitarachilar soddaroq elektrogitara olishsa ham bo‘laveradi. Oddiyroq elektrogitaralarda tovush olgichlar ikkita bo‘ladi. Qimmatroq modellarda uchta tovush olgich bo‘ladi. Shuningdek, o‘ta ko‘p tugma va funksiyaga ega gitarani olishni tavsiya qilmagan bo‘lardim, chunki funksiyasi ozroq gitaralar uzoq vaqt xizmat qiladi.
Elektrogitarani tovush kuchaytirgichsiz chalib bo‘lmagani uchun bu moslamalar haqida ham ikki og‘iz so‘z aytsam.
Tovush kuchaytirgichlarning eng keng tarqalgan hamda eng qulay turi kombo deb ataladi. Ularda ham tovush kuchaytirgich, ham radiokarnay bo‘ladi. Yirik sahnalarda ijro etishda odatda alohida tovush kuchaytirgich va alohida radiokarnaylardan foydalaniladi.
Xona sharoiti uchun kamida 15 vatt chiqaradigan hamda radiokarnayi kamida 20 sm bo‘lgan kombo ayni muddaodir. Bundan kichik kombolarning ovozi sustroq bo‘ladi.
Tovush kuchaytirgich sizning gitarangiz bilan yaxshi ishlashini tekshirib ko‘ring. Gitaradagi har bir tovush olgichni yoqib, tekshirib ko‘ring. Kombodagi ekvalayzer tugmalarini ham burab ko‘ring. Yaxshi gitara va yaxshi kombo past balandlikda ham, yuqori balandlikda ham tiniq ovoz chiqaradi.
4. Gitara aksessuarlari
Gitara xarid qilganingizdan keyin, unga turli aksessuarlarni olishingiz mumkin. Ular yordamida gitara chalishingiz yanada osonlashadi. Quyida eng muhim gitara aksessuarlari bilan tanishishib chiqamiz.
Kamar
Eng avvalo gitara kamari haqida so‘z yuritsak. Tabiiyki, gitara kamari asbobni tik turib ijro etganda qo‘l keladi. Odatda kamarni o‘zingizga qulay qilib uzaytirishingiz yoki qisqartirishingiz mumkin.
Kapodastr
Kapodastr yoki kapo ochiq torlar tovushi balandligini o‘zgartirish uchun qo‘llaniladi. Kapodastrlarda odatda prujina bo‘ladi va ular yordamida gitaraning torlari muayyan pardada siqib qo‘yiladi. Masalan, gitaraning tonini yarim ton ko‘tarish uchun kapodastr birinchi pardaning ustiga qo‘yiladi. Bir ton ko‘tarish uchun esa ikkinchi pardaga qo‘yiladi va hokazo. Kapodastr ko‘proq ochiq akkord chalish imkonini beradi.
Mediator
Mediator biror qattiq materialning kichik bo‘lakchasidir. Gitarani mediator bilan chalayotganda odatda uni ko‘rsatkich va bosh barmoq o‘rtasida ushlaymiz. Klassik gitarachilar odatda torlarni barmoqlari bilan chalishadi. Mediator asosan po‘lat simli va elektrogitaralarni chalishda qo‘llaniladi.
Zamonaviy mediatorlar asosan plastmassadan yasaladi. Ammo suyak, toshbaqa kosasi va yog‘ochdan yasalgan turlari ham mavjud. Ilk mediatorlar toshbaqa kosasidan yasalgan. Keyinchalik toshbaqalarning soni kamaygani uchun ulardan mediator yoki boshqa narsa yasash taqiqlangan. Hozirgi kunda taqiqdan avval toshbaqa kosasidan yasalgan mediatorlar juda qadrlanadi.
Mediatorning shakli va o‘lchami har xil bo‘ladi. Jazz musiqada ishlatiladigan mediatorlar kichik bo‘ladi. Bas gitara mediatorlari esa katta bo‘ladi. Mediator qalinligiga qarab ishlatiladi. 0,2 mm dan 0,5 mm gacha bo‘lgan yupqa mediatorlar odatda zarb chalish uchun ishlatiladi. 0,7 mm dan 1,5 mm yoki undan ham qalin bo‘lgan mediatorlar esa asosan solo chalish uchun qo‘llaniladi.
Oyoq kursichasi
Oyoq kursichasidan odatda klassik gitara ijro etishda foydalaniladi. Kursicha metall torli akustik gitarani chalishni ham qulaylashtiradi. Balandligini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan kursicha olishni tavsiya qilaman.
Sozlagich
Har bir ijrochi o‘z gitarasini sozlab turishga majbur. Har qanday gitara uzoq ijrodan keyin o‘z sozini yo‘qotadi. Qolaversa, asbobga yangi tor qo‘ygandan keyin ham uni sozlash kerak bo‘ladi.
Gitarani turli yo‘l bilan sozlash mumkin. Gitarani sozlash sahifasida ularning ayrimlari haqida ma’lumot berilgan. Eng qulay sozlagich elektron sozlagich yoki tyuner bo‘lib, u yordamida gitarani sozlash juda osondir.
Tirgak
Gitarani chalib bo‘lganingizdan keyin, uni biror yerga qo‘yishingiz kerak. Har safar uni g‘ilofiga solishni istamasangiz, gitara uchun tirgak olishingiz mumkin. Tirgaklarning turli-tuman xillari mavjud. Muhimi, tirgak gitarani yaxshi ushlab tursa bas.
Quloq buragichi
Quloq buragichi o‘ta muhim aksessuar emas, ammo gitaraga yangi tor qo‘yishni ancha osonlashtiradi. Yangi torni qo‘l bilan burash mashaqqatli va anchagina vaqt oladi. Buragich esa bu jarayonni osonlashtiradi. Quloq buragichi uncha qimmat turmaydi, shuning uchun uni olib qo‘yish ziyon qilmaydi.

G‘ilof
Gitara bilan birga uni saqlash va olib yurish uchun g‘ilof ham olish kerak. Eng yaxshi g‘ilof chemodan kabi qattiq materialdan yasalgan g‘ilofdir. Ammo ular odatda ancha qimmat turadi. Shunday bo‘lsa-da, yuqori sifatli gitara xarid qilsangiz, albatta qattiq g‘ilof oling.
Mochalka bilan qoplangan yumshoqroq g‘iloflar ham gitarani yaxshigina saqlaydi. O‘ta yupqa g‘iloflar esa gitarani changdan saqlay oladi, xolos.
5. Yangi tor sotib olish
Kuy avjida uzilmasin tor,
She’r yarmida sinmasin qalam.
Yashab bo‘lmay umrini zinhor
Bu dunyodan ketmasin odam.
Erkin Vohidov
„Kuy avjida uzilmasin tor“
Gitara torlari vaqt o‘tishi bilan eskiradi, ovozi o‘zgaradi, uzilib qoladi. Torlarni almashtirayotib nimalarga e’tibor berish kerak?
Odatda bir dona tor uzilsa ham barcha torni almashtirish kerak. Chunki yangi sotib olingan torlar eskilaridan farq qiladi. Torlarni almashtirishni eng yo‘g‘on tordan boshlash kerak. Buning uchun tegishli quloqni burab, yo‘g‘on torni bo‘shating. So‘ngra pastki xarakdagi ponachani chiqarib, torning ikkinchi uchini bo‘shating.
Yangi torning halqali uchini xarakdagi teshikka kiriting va ponacha bilan torni mahkamlang. Torning ikkinchi uchini quloqning teshigidan o‘tkazib, o‘zini-o‘zi ushlay oladigan bo‘lguniga qadar quloqni burang. Sozlagich yordamida yangi torni tegishli balandlikka ko‘taring. Ushbu jarayonni qolgan torlar bilan takrorlang.
Torlarni birma-bir almashtirish kerak. Chunki hammasini birdaniga bo‘shatib olib, ketidan yangilarini qo‘yish asbob dastasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yangi torlarni qo‘yib bo‘lganingizdan keyin, ma’lum vaqtgacha ularni tez-tez sozlab turishingizga to‘g‘ri keladi. Torlar cho‘zilib, moslashib olganidan keyin, asbob sozi buzilmaydigan bo‘ladi.
6. Mening gitaralarim
Gitara chalishga esimni taniganimdan beri qiziqaman. 2006-yilgacha o‘z gitaram bo‘lmagan, shuning uchun do‘stlar va tanishlar gitaralarini qisqa muddatga olib, chalishni o‘rgana boshlaganman. 2006-yil rahmatli otam Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridan menga ilk gitaramni olib kelib berdi. Mazkur gitaram Xitoyda ishlab chiqarilgan kichik gitara bo‘lib, hanuz xizmat qilmoqda. Ilk videodarslarimni aynan shu gitara bilan yozganman. Uning menga yoqqan jihatlari – olib yurish uchun qulayligi hamda yashil rangi!
2010-yil AQShdan do‘stim sovg‘a qilgan Eterna EF-31 gitarasini olib keldim. Yamaha shirkati ishlab chiqargan ushbu gitara o‘rtacha kattalikda bo‘lib, u ham menga beminnat xizmat qilib kelmoqda. Menga asbobning eng manzur kelgan jihatlari – dastasining torligi va ovozining jarangdorligi. Ushbu gitara tovush olgichsiz ishlab chiqariladi, ammo menikiga alohida sotib olingan tovush olgich o‘rnatilgan. Bu esa asbob bilan sahnada kuylashni va uning ovozini yozib olishni ancha osonlashtiradi.
Ayni damda Yamaha F310 TBS gitaram ham bor. Ushbu model eng arzon sifatli gitaralardan biri bo‘lgani uchun, ko‘plab davlatda bestseller, ya’ni bozori chaqqon gitaraga aylangan. Ko‘pchilik gitara chalishni endi o‘rgana boshlaganlarga aynan shu modelni xarid qilishni tavsiya qiladi.
Videolarimda boshqa gitaralarni ham ko‘rishingiz mumkin. Bolalar guruhining „Nega unday qilding sen?“ ashulasiga doir videodarsimda Yamaha FG730S gitarasini chalganman. Yamaha shirkatining FG gitara seriyasidagi barcha gitara kabi ushbu model ham boshlang‘ich o‘rganuvchilar, ham tajribali gitarachilar orasida yuqori sifati bilan shuhrat qozongan. Bu gitaraning dastasi juda qulay, ovozi esa juda jarangdordir.
Bolalar guruhining „Seni sog‘indim“ ashulasini chalish ko‘rsatilgan videodarsimda Hohner HC06 neylon torli klassik gitarasini chalganman. Mazkur gitara yangi o‘rganuvchilar uchun tavsiya qilinadi. Uning afzal jihatlari kichik va qulayligi hamda torlarining yumshoqligidir.